Jahon | 11:32 / 10.05.2020
39845
3 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston chegaradagi mojaro yuzasidan Qirg‘izistonga nota topshirdi

Tojikiston tashqi ishlar vazirligi 8 may kuni tojik-qirg‘iz chegarasida yuz bergan mojaro yuzasidan Qirg‘iziston elchisi Janish Rustembekovga nota topshirdi.

Videodan kadr

Bu haqda Tojikiston tashqi ishlar vazirligida ma'lum qilingan.

“Qirg‘iziston fuqarolari va harbiylarining qurolli mojaroga olib kelgan ig‘vogar harakatlari sababli Tojikiston tashqi ishlar vazirligi elchiga nota topshirdi. Unga bu mojaroga Qirg‘iziston fuqarosi tomonidan maqsadli o‘q uzilishi hamda Qirg‘iziston chegarachilarining Tojikiston chegara bo‘linmalarining javob choralari ko‘rishiga olib kelgan keyingi harakatlari sabab bo‘lgani ma'lum qilingan”, deyilgan vazirlikda.    

Qirg‘iziston fuqarolari va harbiylarining qonunga xilof harakatlari oqibatida Tojikistonning 2 fuqarosi og‘ir jarohat olgani va ular hozirda shifoxonada ekanliklari ta'kidlab o‘tilgan.

Suhbat davomida chegara hududidagi vaziyatning keskinlashuviga qirg‘iz tomoni javobgar ekani aytilgan. O‘qotar qurol qo‘llagan holda ig‘vogar harakatlarni to‘xtatish, voqeaning batafsil tergovi o‘tkazilishi va aybdor shaxslarning javobgarlikka tortilishi talabi qo‘yilgan.

“Tashqi ishlar vazirligi Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirligining bu voqeani yoritishini inobatga olib, voqeaning Ikkinchi jahon urushi va muqaddas Ramazon oyiga bog‘lanishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta'kidlaydi hamda umumiy muqaddas bayram va faxriylar xotiralarini hurmat qilishga chaqiradi”, deb ta'kidlab o‘tgan Tojikiston tomoni.

8 may kuni Qirg‘izistonning Botken viloyati Chek qishlog‘ida ikki davlat aholisi o‘rtasida yer masalasi bo‘yicha kelishmovchilik sababli mojaro chiqqan. Mojaro davomida ikki tomondan odamlar bir-biriga tosh ota boshlagan.

Qirg‘iziston va Tojikiston chegarachilari mojaro keskinlashib ketmasligi oldini olish uchun havoga ogohlantiruvchi o‘qlar uzgan. 

Keyinroq Qirg‘iziston chegarachilari Tojikiston tomonidan minomyotdan o‘t ochilganini ma'lum qilishgan. Otishma oqibatida Qirg‘izistonning 3 harbiysi va bir fuqarosi yaralangani ma'lum qilingan. 

Avvalroq Qirg‘iziston chegarada sodir bo‘lgan mojaro oqibatida bir necha kishi og‘ir yaralangani sababli Tojikiston elchisiga norozilik notasi topshirgani ma'lum qilingandi. Notada ushbu vaziyat uchun barcha javobgarlik Tojikiston tomoni zimmasida ekani aytilgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid