Jahon | 12:30 / 12.05.2020
19327
3 daqiqa o‘qiladi

Peterburgda koronavirus bemorlari yotgan shifoxonada yong‘in: besh kishi halok bo‘ldi

Sankt-Peterburgning Viborgsk tumanida joylashgan Avliyo Georgiy shifoxonasining jonlantirish bo‘limida yong‘in chiqishi oqibatida besh kishi halok bo‘ldi. Shifoxonaning bir qismi Covid-19 bemorlarini davolash uchun ajratilgandi.

Foto: Petr Kovalev/TASS

Rossiya Tergov qo‘mitasining Peterburg boshqarmasi matbuot xizmati xabar berishicha, yong‘in vaqtida reanimatsiyadagi bemorlar halok bo‘lishi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Ehtiyotsizlik oqibatida o‘lim yetkazish moddasi bo‘yicha tergov ishlari olib borilmoqda.

TASS agentligi dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida besh bemor halok bo‘lgani haqida xabar bergan. Keyinroq shahar favqulodda holatlar boshqarmasi «Interfaks»ga yong‘in qurbonlari soni besh nafar bo‘lganini tasdiqlagan.

Seshanba tongida shifoxonaning 6-qavatida, koronavirusga chalinganlar davolanayotgan jonlantirish bo‘limida yong‘in boshlangan. O‘t o‘chirish xizmati bo‘limlari voqea joyiga soat 06:23da yetib kelishgan, soat 06:55da yong‘in bartaraf qilingan. Qutqaruvchilar 150 kishini evakuatsiya qilishgan. Yong‘in 10 kvadrat metr maydonni qamrab olgan.

Hodisaga sun'iy nafas oldirish apparatida o‘t olishi sabab bo‘lgan, deb taxmin qilinmoqda.

«IVL apparatlariga yuklama»

«Interfaks» ma'lumotiga ko‘ra, halok bo‘lganlarning barchasi koronavirusga chalingan bemorlar bo‘lgan va ular sun'iy nafas oldirish apparatlariga ulangan bo‘lgan. Agentlik suhbatdoshining ma'lum qilishicha, yong‘inga apparatlardan biri qizib ketgani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

«Yong‘in o‘chog‘i oltinchi qavatdagi reanimatsiya bo‘limida joylashgan. Bu «qizil zona» bo‘lib, u yerda yangi koronavirus infeksiyasidan zararlanib, og‘ir ahvolga tushgan bemorlar yotgan. Taxminlarga ko‘ra, IVL apparati yonib ketgan», - degan «Interfaks» manbasi.

«IVL apparatlariga haddan tashqari yuqori yuklama tushgan. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, kuchli yuklama tufayli apparat cho‘g‘langan va bu yong‘inga sabab bo‘lgan», deya qo‘shimcha qilgan u.

Favqulodda xizmatlar vakili RIA Novostiga yong‘in sababi «elektr qurilmadagi nosozlik» ham bo‘lishi mumkinligini aytgan. 

«Tibbiy muassasaning bir qismi og‘ir ahvoldagi koronavirus bemorlari uchun ajratilgan. Sakkiz qavatli binoning oltinchi qavatida yong‘in chiqqach, barcha bemorlar va xodimlar birinchi qavatga o‘tkazilgan», degan manba.

Peterburg Rossiyada koronavirusdan zararlanish holatlari bo‘yicha uchinchi o‘rindagi hudud hisoblanadi. Dushanba kungi ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu hududda 7 711 holat qayd etilgan, 56 bemor vafot etgan.

Bundan avvalroq, 9 may kuni Moskvadagi koronavirusga chalinganlar davolanayotgan shifoxonada yuz bergan yong‘inda bir kishi halok bo‘lgandi. 10 may kuni esa Moskva oblastining Krasnogorsk shahrida joylashgan qariyalar xospisida yong‘in yuz berishi oqibatida 11 kishi halok bo‘ldi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid