O‘zbekiston | 08:12 / 12.05.2020
6232
3 daqiqa o‘qiladi

Poliklinikalar bog‘cha bolalarining ota-onalariga mehnatga layoqatsizlik varaqasi berishni rad etayotgani qonuniy ekani aytildi

Ushbu varaqa Sog‘liqni saqlash vazirligi yoki uning hududiy boshqarmalarining ruxsati asosida epidemiolog yoki sanitar vrach tomonidan berilishi kerak. 

Foto: Shutterstock

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati nega oilaviy poliklinikalar MTT karantinga yopilgani munosabati bilan bolalarning ota-onalariga mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berishni rad etayotgani haqida tushuntirish taqdim etdi.

Bildirilishicha, umumiy qoidaga ko‘ra, maktabgacha ta'lim tashkilotlarida (MTM) karantin belgilanganda ota-onasidan biriga yoki oilaning boshqa a'zosiga 14 kalendar kunidan oshmagan muddatga mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi. Ushbu varaqa Sog‘liqni saqlash vazirligi yoki uning hududiy boshqarmalarining ruxsati asosida epidemiolog yoki sanitar vrach tomonidan berilishi kerak. Biroq, amaliyotda poliklinikalar Sog‘liqni saqlash vazirligidan bunday farmoyish bo‘lmaganini vaj qilib, bunday hujjatni berishni rad etishmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligining tushuntirishicha, mehnatga layoqatsizlik varaqalari berishni rad etish qonuniydir.

“Sog‘lom bolani parvarish qilish uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasini MTM Sanepidnazorat markazi tomonidan faqat mazkur bolalar bog‘chasida bolalardan biri o‘tkir infeksiyali yoki parazitar kasallik bilan og‘rib qolgan holatda karantinga yopilgan taqdirda berish nazarda tutilgan. Binobarin, poliklinikalar mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berishni asoslangan holda rad etishmoqda, sababi MTM aniqlangan infeksiyali kasallik tufayli emas, balki koronavirusning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik munosabati bilan yopilgan.

Aslida ushbu vaziyatda mehnatga layoqatsizlik varaqasini olmasa ham bo‘ladi. MTM tarbiyalanuvchilari va boshlang‘ich sinflar o‘quvchilarining ota-onalari o‘z xohishlariga ko‘ra va grafikdan qat'i nazar mehnat ta'tiliga chiqishlari mumkin. Shu jumladan – 6 oydan kam ishlab berganlar ham. Agar haq to‘lanadigan ta'tildan foydalanib bo‘linganda yoki xodim hozirning o‘zida undan foydalanishni istamasa, u ish haqi saqlanmagan holda beriladigan ta'tilga chiqishi mumkin. Ushbu ta'til turiga maksimal 3 oy muddat bo‘yicha cheklov tatbiq qilinmaydi”, - deyiladi ma'lumotda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid