Fan-texnika | 10:39 / 13.05.2020
5883
4 daqiqa o‘qiladi

Telegram kriptovalutalar borasida investorlar foydasiga qaror qabul qildi

Telegram asosichisi Pavel Durov kompaniya tomonidan ishlab chiqarilishi rejalashtirilayotgan Gram kriptovalutalariga pul tikkan AQShdan tashqaridagi investorlar foydasiga qaror chiqardi. Kompaniya o‘z kriptovalutalarini sotib olgan investorlarga ular oldidagi qarzdorlikni muddatidan oldin uzgan taqdirda ham tikkan pullaridan 110 foiz daromad olishlari mumkinligini ma'lum qildi.

Foto DR

Gram kriptovalutasini sotib olganlarning ba'zilari bu shartga rozi ham bo‘lgan. Durov investorlar bilan tuzilgan shartnomaga o‘zgartirish kiritgan. Bu haqda investorlarga yuborilgan xatda aytilgan. Forbes bilan suhbatlashgan ikki investor buni tasdiqladi. Asosiy o‘zgarish shuki, kreditorlar ularning oldidagi qarzdorlik to‘langanidan keyin ham tikkan pullaridan 110 foiz miqdorda foyda olishadi.

Oldingi kelishuvga ko‘ra, Telegram kreditorlarga pullarini 31 iyulgacha to‘lashi, ammo bu vaqtgacha hisob-kitob qilinsa, ular va'da qilingan 110 foiz foydani olisholmasdi. Yangi kelishuvga ko‘ra esa pullar 2021 yil 31 aprelgacha bosqichma-bosqich to‘lab boriladi. Shuningdek, Telegram qarzlar qaytarilgunga qadar yangi kredit olmaydi. Kompaniya kreditorlarga pullarini kriptovalutada emas, odatiy valutada to‘lashini alohida ta'kidlagan.

Telegram AQSh va Yevropa sanksiyalarida bo‘lgan kreditorlar bo‘yicha bandga ham aniqlik kiritgan. Pul tarqatilayotgan vaqtda kreditor qandaydir sanksiyaga uchragan bo‘lsa, u Telegram pulni to‘lashi qonun buzilishi sifatida qaraladigan vaqtga qadar pulini ololmaydi. Kompaniya shuningdek, investorning jismoniy shaxs bo‘lgan oila a'zolariga qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha imtiyozlar taqdim etishini ma'lum qilgan.

Telegram hamda investorlar o‘rtasidagi mojaro 30 apreldagi voqeadan keyin yanada kuchaygandi. O‘shanda kompaniya va'da qilgan Gram kriptovalutasini ishlab chiqarish yana ortga surilgandi. Bunga Telegram hamda AQSh qimmatli qog‘ozlar va birja bo‘yicha komissiyasi o‘rtasidagi sud jarayoni sabab bo‘lgandi. Sud jarayoni sabab investorlar va kompaniya o‘rtasidagi kelishuv avtomatik tarzda to‘xtatilgan. Shu bois yangi kelishuv taklif qilindi.

Telegram kriptovaluta ishlab chiqarish bo‘yicha blokcheyn-loyihasini 2018 yilda boshlagan va ikki bosqichdan iborat investitsion dasturida umumiy 1,7 milliard dollar yig‘ishni uddalagandi. 29 aprelda Telegram yuzaga kelgan muammo sabab Gram kriptovalutasini chiqara olmasligini ma'lum qilib, investorlarga ikkita taklifni bergandi: ular o‘sha vaqtning o‘zida tikkan pullarining 72 foizini olishlari (chunki qolgan pul loyiha uchun ishlatilgan) yoki pullarini kredit sifatida rasmiylashtirishlari mumkin edi. Kompaniya kreditorlarga va'da qilingan 110 foiz foydani 2021 yil aprelgacha qaytarishini ham aytgan. Bu mojarodan so‘ng Telegram investorlarining kompaniyaga bo‘lgan ishonchi shubha ostida qoldi.

Forbes bilan suhbatda bo‘lgan investorlardan biri yangi kelishuvni ikkilanmay imzolaganini aytgan. Yana bir investorga ko‘ra, kompaniya bergan va'dasini bajara olishiga ishonmayotganlar soni ishonayotganlardan ko‘proq. Investorlarning aksari Telegram’ning sudlashayotganidan xavotirda. Chunki sud jarima belgilasa, kompaniya avval jarimani to‘laydi va keyinchalik kreditorlarning pullarini berishi mumkin. Investorlardan birining aytishicha, 30-40 foiz kreditorlar pullarini qaytarib olishmaydi.

Oldinroq sud taqiqi sabab Telegram kriptovaluta chiqara olishi shubha ostiga olingandi. Pavel Durov esa investorlarga taklif qilingan birinchi taklifni «og‘ir qaror» deb atagan.

Mavzuga oid