Jahon | 21:46 / 14.05.2020
10995
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda yadro quroliga xarajatlar sovuq urush davridan beri rekord darajaga yetdi

Yadro qurolini bekor qilish xalqaro kampaniyasi (International Campaign to Abolish Nuclear Weapons) ma'ruzasiga ko‘ra, 2019 yilda dunyoda yadro qurolini rivojlantirishga qilingan xarajatlar sovuq urush vaqtidan beri rekord qiymatni tashkil qildi. 

Foto: iStock

Yadro quroliga ega 9 davlat - yadro klubining beshta rasmiy a'zosi – AQSh, Rossiya, Fransiya, Britaniya, Xitoy hamda 4 ta norasmiy a'zosi - Hindiston, Pokiston, Isroil va Shimoliy Koreya o‘tgan yil bu maqsadda 73 mlrd dollar sarflagan. Bu qiymat 2018 yildagiga nisbatan 10 foiz yoki 7,1 mlrd dollarga ko‘proqni tashkil qilgan. 
 
Yadro quroliga xarajatlar borasida 35,4 mlrd dollar bilan 1-o‘rinni AQSh egallagan. Ta'kidlash joiz, AQShning bu maqsaddagi xarajatlari qolgan 8 ta davlatning umumiy xarajatlariga teng bo‘lgan. Bu qiymat AQShning 2019 yildagi barcha harbiy xarajatlarining deyarli 5 foizini tashkil qiladi.

2-o‘rinni 10,4 mlrd dollar bilan Xitoy, 3-o‘rinni 8,9 mlrd dollar bilan Britaniya, 4-o‘rinni 8,5 mlrd dollar bilan Rossiya va 5-o‘rinni 4,8 mlrd dollar bilan Fransiya egallagan. 

Yadro klubining norasmiy a'zolari o‘z yadro qurolini rivojlantirishga ancha kamroq mablag‘ sarflagan. Jumladan, Hindiston 2,3 mlrd dollar, Pokiston va Isroil 1 mlrd dollardan va Shimoliy Koreya 620 mln dollar sarflagan. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda butun dunyoda 13 mingdan ko‘proq yadroviy jangovar zaryad mavjud bo‘lib, ulardan 90 foizdan ko‘prog‘i AQSh va Rossiyada mujassamlashgan. Ayni vaqtda Rossiya va AQSh yoygan yadro jangovar kallaklari ikki davlat tomonidan 2010 yilda imzolangan va 2021 yil fevralda muddati yakunlanuvchi SNV-3 kelishuvi bilan cheklangan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid