Jahon | 08:56 / 14.05.2020
8654
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp koronavirusga qarshi vaksinani ishlab chiqishni tezlashtirish loyihasiga rahbarlar tanladi

AQSh prezidenti Donald Tramp farmatsevtik kompaniyaning sobiq rahbari Monsef Slaui va armiya generali Gustav Pernga koronavirusga qarshi vaksinani ishlab chiqishni tezlashtirishga qaratilgan “Tovushdan yuqori tezlik” amaliyoti” loyihasiga rahbarlik qilishni topshirmoqchi.

Bu haqda The Hill nashri xabar berdi. Oq uy ma'muriyatidagi manbaga ko‘ra, Slaui loyihaning bosh maslahatchisi, general Pern esa bosh operatsion direktori bo‘ladi.

Monsef Slaui GlaxoSmithKline kompaniyasining vaksinalar yaratish bo‘yicha bo‘limining sobiq rahbari bo‘lib, u 8 yil davomida chaqaloqlarni gastroenteritdan saqlovchi, pnevmokokk infeksiya va bachadon bo‘yni saratonidan himoyalovchi vaksinalar yaratish ishlariga rahbarlik qilgan. Ayni vaqtda u venchur investor va shu bilan birga, Moderna biotexnologik kompaniyasi direktorlar kengashi a'zosi hisoblanadi.

Pern logistika bo‘yicha mutaxassis hisoblanadi va AQSh quruqlikdagi qo‘shinlari moddiy-texnik ta'minoti qo‘mondonligi rahbari bo‘lib xizmat qiladi.

“Tovushdan yuqori tezlik” amaliyoti

Aprel oxirida Tramp ma'muriyati “Tovushdan yuqori tezlik” amaliyotini amalga oshirmoqchiligi ma'lum bo‘lgandi. Undan maqsad koronavirusga qarshi vaksinani ishlab chiqarish vaqtini 8 oygacha qisqartirish uchun xususiy farmatsevtik kompaniyalar, hukumat muassasalari va harbiylarni birlashtirish hisoblanadi 

Avvalroq AQShning sog‘liqni saqlash sohasidagi mutaxassislari koronavirusga qarshi vaksina eng yaxshi vaziyatda 12-18 oy ichida tayyor bo‘lishi mumkinligini aytishgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid