Fransiya aviakompaniyasi samolyoti qo‘nishsiz davom etgan eng uzun ichki reysni amalga oshirdi
Fransiyaning French bee loukosteri samolyoti 15 may kuni qo‘nishsiz davom etgan eng uzun ichki reysni amalga oshirdi.
Samolyot Fransiyaning Taiti orolidan Parijgacha 16 ming kmdan ko‘proq masofani uchib o‘tgan va avvalgi rekordni yangilagan. Bu haqda kompaniya ijtimoiy tarmoqlarda ma'lum qildi.
“Jahon rekordi yangilandi. French bee o‘zining Airbus A350-900 samolyotida eng uzun ichki reysni amalga oshirganini faxr bilan ma'lum qiladi: Taiti va Parij (Orli aeroporti) orasidagi 16129 km masofa 16 soat 49 daqiqada uchib o‘tildi”, deb ma'lum qilingan kompaniyaning tvitterdagi xabarida.
BFMTV telekanalining xabar berishicha, samolyot dastlab 12 may kuni Fransiyadan Taiti oroli joylashgan Fransuz Polineziyasi tomon uchgan. Uning bortida Fransiyaning Tinch okeanidagi dengizorti hududi uchun mo‘ljallangan 20 tonna dori-darmon bo‘lgan. So‘ngra samolyot 15 may kuni Taitidagi Faa xalqaro aeroportidan Parijga yo‘l olgan.
Loukoster rahbari Myuriel Assulinning ta'kidlashicha, Airbus A350 samolyoti “yonilg‘i sarfi samaradorligi bo‘yicha dunyodagi eng ilg‘or samolyot” hisoblanadi. Kompaniyaning havo tashuvlari bo‘yicha direktori Lyudovik Andrening qo‘shimcha qilishicha, rekordchi reys o‘rtacha 12500 ming metr balandlikda 940 km/soat tezlik bilan o‘tgan.
Mart oyida Air Tahiti aviakompaniyasi samolyoti koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat sababli Fransuz Polineziyasidan Parijga fuqarolik aviatsiyasi tarixida, tajribaviy reyslar hisobga olinmaganda, eng uzun reysni amalga oshirgandi. Rekord kutilmaganda o‘rnatilgan: odatda Taitida joylashgan Papeete shahridan Parijga uchuvchi samolyotlar Los-Anjyelesda oraliq qo‘nishni amalga oshiradi. Biroq AQSh hukumati koronavirus tarqalishi xavfi sababli Shengen hududidan bo‘lgan samolyotlarga o‘z havo hududini yopib qo‘ygan. Shu sababli qo‘nishsiz davom etgan 15715 kmlik reys 16,5 soatda uchib o‘tilgan.
2019 yil oktyabrda Boeing 787-9 AQShning Nyu-Yorkidan Avstraliyaning Sidneyiga 19 soat 16 daqiqa davom etgan qo‘nishsiz parvozni amalga oshirgan. Biroq bu parvoz sinov tariqasida o‘tkazilgan.
Mavzuga oid
23:35 / 15.11.2024
Fransiya prokuraturasi madaniyat vazirini sudga topshirishni talab qildi
20:58 / 12.11.2024
Fransiyadagi yirik ommaviy axborot vositalari X ijtimoiy tarmog‘ini sudga berdi
17:50 / 06.11.2024
Makron Tramp g‘alabasidan keyin Fransiya va Germaniya maqsadlarini aytdi
21:44 / 05.11.2024