15:13 / 17.05.2020
48488

«Uhan rahbariyati koronavirus ko‘lamini dastlab sir saqlagan» - Xitoyning yetakchi epidemiologi

Xitoylik epidemiolog va pulmonolog Chjun Nanshan CNN telekanaliga bergan intervyusida koronavirus ilk bor qayd qilingan Uhan shahri rahbariyati kasallik ko‘lamlari haqidagi tafsilotlarni dastlab sir saqlaganini ma'lum qildi.  

Chjun Nanshan / Foto: Reuters

Telekanalning eslatishicha, aynan Chjun Nanshan Uhanga 18 yanvarda kelgan va 2 kun o‘tib koronavirus odamdan odamga yuqishini ochiqcha tasdiqlagan. Bungacha Uhan rahbariyati buning isboti yo‘qligini va virus tarqalishi “oldini olish va nazorat qilish mumkinligini” haftalab ta'kidlab kelgan. 

“O‘sha vaqtda mahalliy hokimiyat haqiqatni aytishni istamagan. Koronavirus avj olishi boshida ular bu haqida og‘iz ochishmagan va o‘shanda men, ehtimol bizda ko‘proq odam kasallanayotganini aytganman”, deb aytib o‘tgan intervyuda mutaxassis.

Epidemiologning ta'kidlashicha, xorijda kasallanganlar qayd qilinayotgani haqida ma'lumotlar paydo bo‘layotgan bir vaqtda Uhanda virusga chalinganlar rasmiy soni 10 kun davomida o‘zgarmasdan 41 nafarligicha qolgandan keyin unda shubha paydo bo‘lgan. Uning aytishicha, u mahalliy rahbariyatni savollarga tutavergach, ular oxir-oqibat  “istamaygina” haqiqiy ma'lumotlarni taqdim qilishgan: 20 yanvar holatiga ko‘ra, Uhanda kasallanganlar soni 198 nafarga yetgan, 3 kishi undan vafot etgan. Bundan tashqari, 13 nafar tibbiy xodim virusga chalingani oshkor bo‘lgan.

Chjun Nanshan epidemiya boshida kasallanganlar soni kamaytirib ko‘rsatilganini tan olsa-da, u Xitoy hukumatining koronavirus bo‘yicha rasmiy statistikasi ishonchsizligi haqidagi ayblovlarni rad etmoqda. Jumladan, bunday ayblovlarni AQSh prezidenti Donald Tramp bildirgan. 

Epidemiologning ta'kidlashicha, Xitoy hukumati 17 yil avval yuz bergan atipik zotiljam epidemiyasidan saboq chiqargan. O‘shanda Pekin bu haqida bir necha oy og‘iz ochmagan. Uning aytishicha, bu safar markaziy hokimiyat jazolash tahdidi ostida barcha shaharlar va hukumat idoralaridan kasallanganlarning haqiqiy sonini ma'lum qilishni talab qilgan.

“Demak, aytish mumkin, 23 yanvardan boshlab barcha ma'lumotlar haqqoniy bo‘lgan”, deb qo‘shimcha qilgan mutaxassis.

Olim, shuningdek Tramp va AQSh davlat kotibi Mayk Pompeoning koronavirus laboratoriyadan chiqqani haqidagi taxminlarini rad etgan. U bu borada Uhandagi virusologiya instituti laboratoriyasiga rahbarlik qiluvchi “yaxshi do‘sti” Shi Chjenlining so‘zlarini keltirib o‘tgan. Shi Chjenli yuqorida keltirilgan taxminlarni “tuturiqsiz” deb atagan, chunki laboratoriyada sun'iy virusni yaratish uchun na inson resurslari va na uskunalar mavjud. Bundan tashqari, Chjun Nanshanning ta'kidlashicha, fevral boshida Xitoyning mutasaddi idoralari ushbu laboratoriyada tekshiruv o‘tkazgan va virus “chiqib ketgani”ning hech qanday alomatini topmagan.

Chjun Nanshan Xitoyning koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha maxsus komissiyasi rahbari bo‘lib, u 2003 yilda atipik zotiljamni keltirib chiqargan SARS-CoV koronavirusini aniqlagan. Olim o‘shanda Xitoy hukumati tomonidan kasallik xavfi kamaytirib ko‘rsatilgan rasmiy ma'lumotlarni inkor etgani bilan xalqaro miqyosda tanilgan. Ta'kidlanishicha, OAVda uni atipik zotiljam epidemiyasi vaqtida olib borgan faoliyati uchun “SARS qahramoni” deb atashadi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top