Tanti milliarder. Davlatning 8 million dollar yordam pulini qaytarib bergan Bob Parsons kim?
Dunyodagi eng katta hosting kompaniyalaridan biri bo‘lgan GoDaddy tarmog‘i asoschisi Bob Parsons AQSh hukumati tomonidan kompaniyasiga inqirozga qarshi kurash doirasida moddiy yordam sifatida taqdim etilgan 8 million dollarni qaytarib berdi. Hozir u o‘ziga tegishli savdo markazlari yonida joylashgan avtoturargohlarda tekinga filmlar namoyishini uyushtirib, shu tariqa o‘z ijarachilariga inqirozdan omon qolish uchun yordam berishga harakat qilmoqda.
AQShda mart oyida karantin joriy etilgach, boyligi 2,2 milliard dollarga baholangan 69 yoshli milliarder Bob Parsons o‘zining Skotsdeyldagi golf klubida 25 xodimni ishdan bo‘shatib, ish haqini saqlab qolish bo‘yicha biznesni kreditlash davlat dasturi (Paycheck Protection Program)ga murojaat qilgan edi. Dasturga ko‘ra, 13 aprelda Parsonsga 16ta korxonasining ishini qo‘llab-quvvatlash uchun davlat tomonidan 8 million dollar ajratildi. Biroq o‘tgan hafta GoDaddy hosting provayderi asoschisi o‘z fikrini o‘zgartirib, hukumat o‘ziga yordam sifatida ajratgan pulni qaytarib berdi.
«Pandemiya tufayli og‘ir ahvolga tushgan va bizdan ko‘ra yordamga muhtojroq bo‘lgan ko‘plab korxonalar bor. Shuning uchun biz pulni qaytarib berish to‘g‘ri bo‘ladi, deb o‘yladik. Hammasini yaxshilab o‘ylab ko‘rishimiz va eng to‘g‘ri qaror qabul qilishimiz uchun biroz vaqt kerak bo‘ldi. Ammo men har doim eng to‘g‘ri yo‘lni tutishga harakat qilganman. Bu qarorim ham to‘g‘ri bo‘ldi», deydi milliarder.
Tadbirkor mart oyida dastlab o‘z tarmog‘idagi savdo markazlari bo‘ylab 25 nafar emas, balki 900 nafardan ortiq xodimlarini ishdan bo‘shatishni rejalashtirgan edi. O‘shanda uning shaxsiy YAM Investmens fondidagi aktivlar qiymati 700 million dollarga arzonlab ketgandi. Parsonsning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha paytda u ishdan bo‘shatilgan har bir xodimga olti haftalik ish haqini to‘lashga qodir bo‘lgan.
Pandemiya uning egaligidagi deyarli barcha korxonalarga, shu jumladan Shimoliy Amerikadagi mototsikl ishlab chiqaruvchi Harley-Davidson kompaniyasining eng yirik dilerlik korxonasi va golf klublari uchun uskunalar ishlab chiqaruvchi Parsons Xtreme Golf korxonalariga ta'sir ko‘rsatganiga qaramay, tadbirkor hanuz xodimlarni ishdan bo‘shatmagani yoki maosh to‘lanmaydigan ta'tilga ham jo‘natmaganini ta'kidlamoqda.
U milliarder sifatida davlatdan yordam so‘rab, o‘z sha'niga bildirilishi mumkin bo‘lgan tanqidlardan xavotirlanib yordam pulini qaytargan edimi?
Parsons bu fikrni inkor qilmaydi, lekin uni boshqa sabab pulni hukumatga qaytarishga undaganini ta'kidlaydi: «Bizning qo‘limizda juda ko‘p pul borga o‘xshaydi, ammo unday emas. Rasman shunday: qachonki bizga tegishli aksiyalar narxi doim o‘sib borsa, biz boymiz. Ana shunda biz «hedj-fond» (shaxsiy investitsiya fondi) kafolati ostida turli mablag‘larni jalb qilishimiz mumkin. Ammo qimmatli qog‘ozlar narxi hozirgiday arzonlab ketganda, hamma ham qarz olishni istamaydi, aks holda u hamma narsasini yo‘qotishi mumkin».
Parsons hech narsaga ega bo‘lmaslik nimani anglatishini oldindan biladi. Uning bolaligi Baltimorning kambag‘allar kvartali joylashgan hududida, o‘zining ta'biri bilan aytganda «cherkovning och sichqoni kabi» o‘tgan va u beshinchi sinfda maktab imtihonidan o‘ta olmagan. O‘n ikkinchi sinfda o‘qiyotganida ro‘y bergan yana bir muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng yosh Parsons dengiz korpusida xizmat qilish uchun armiyaga jo‘nab ketadi va harbiy xizmatni urushning eng avj pallasida Vetnamda tugatadi. Harbiy xizmat davomida u uchta medalga sazovor bo‘ladi, ular orasida «Pushti yurak» medali ham bor.
Parsons muhtojlik davrini yengib chiqish uchun nimalar qilmagan deysiz. Vetnam urushidan qaytgach, u Baltimor universitetiga o‘qishga kiradi va imtiyozli diplom bilan tamomlaydi. Shundan so‘ng hisobchi sertifikatini olib, kompyuter texnologiyalarini ishlab chiqaradigan Control Data kompaniyasida ish boshlaydi.
1984 yilga kelib bo‘lajak milliarder o‘zining Parsons Technology deb nomlangan dasturiy ta'minot tizimini yaratadi. O‘n yil o‘tib dasturiy ta'minot tizimini buxgalteriya dasturi bilan ishlovchi Intuit kompaniyasiga 64 million dollarga sotadi.
Yangi imkoniyatlar izlayotgan tadbirkor 1997 yilda Jomax Technologies veb-dizayn studiyasini tashkil qiladi. Bir necha yil o‘tgach, u o‘z korxonasi nomini GoDaddy deb o‘zgartirdi va domen nomlarini sotishni boshladi.
2011 yilga kelib GoDaddy o‘zining Superboul reklamasi bilan mashhur bo‘lib ketadi. O‘sha yili Parsons kompaniyasining nazorat ulushini xususiy investorlarga sotadi. Forbes ma'lumotlariga ko‘ra, bitim taxminan 900 million dollarni tashkil qilgan. 2015 yilda kompaniya fond bozoriga chiqadi va 2018 yilda Parsons GoDaddy’ning so‘nggi aksiyalarini ham sotib yuboradi. Shundan so‘ng o‘tgan yillar mobaynida tadbirkor o‘nlab boshqa biznes loyihalarni amalga oshirdi. Masalan, Arizonada tijoriy ko‘chmas mulkka taxminan 600 million dollar sarmoya kiritadi. Milliarder golf klublaridan tashqari, savdo markazlari, Harley-Davidson kompaniyasining yirik dilerlik do‘konlari, reklama agentliklari, kinokompaniya, golf klublari uchun uskunalar ishlab chiqaruvchi Parsons Xtreme Golf kompaniyasi va boshqa ko‘plab aktivlarga ega.
Koronavirus pandemiyasi ortidan joriy qilingan karantin tufayli Parsonsning korxonalari ko‘rgan zarar miqdori 500 million dollarga baholanmoqda, ammo u bundan mutlaqo tashvishlanayotgani yo‘q.
«Ahvol bugun shunday. Ammo mamlakat odatdagi hayotiga qaytganida men ishlar keskin ravishda rivojlanib ketishini kutyapman. Chunki iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun deyarli ikki trillion dollar yo‘naltirildi, bu yordam berishiga aminman», deydi tadbirkor davlat tomonidan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash choralari haqida gapirib.
Parsonsning aytishicha, uning «hedj-fond» (shaxsiy investitsiya fondi) mart oyida tiklana boshlagan va hozirda uning jami aktivlari qiymati inqirozdan oldingi darajadan 700 million emas, balki 400 million dollar pastroq bo‘lib turibdi.
Tadbirkorni hayratga soladigan narsa shuki, karantin sharoitiga qaramay, uning savdo markazlaridan joy olgan ko‘plab ijarachilari hamon ijara haqini to‘lab turishibdi. Endi u Skotsdeyldagi golf klubiga 20 nafar yangi xodimlarni ishga olishni rejalashtirmoqda. «Iyun, iyul yoki avgust oylarida karantindan oldingi davrdagi darajaga qaytaman, balki undan ham yaxshiroq natijaga erisharman. Menga mablag‘ tejashning hojati yo‘q, tez orada yana oyoqqa turaman», deydi milliarder.
Parsons o‘z qo‘l ostida ishlovchi xodimlar va ijarachilarni himoya qilish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda. Boshqa ko‘plab ishbilarmonlar singari u ham o‘z xodimlariga uydan ishlashga ruxsat bergan. Uyda ishlash imkoniyati bo‘lmagan xodimlar uchun u asosiy idoralarga kirish joylarida turib har bir kelgan odamning tana haroratini o‘lchaydigan tibbiy xodimlarni ishga olgan. Bundan tashqari, ishbilarmon Skotsdeyldagi Spooky Fast mototsikl ustaxonasini o‘z ishchilari uchun antiseptiklar ishlab chiqaradigan zavodga aylantirgan.
Parsons o‘z xodimlariga dalda bo‘lish uchun tez-tez turli korxonalarining mahalliy idoralarga tashrif buyurib turadi: «Idoralarimizda, katoliklar maktabida ijro etiladigan raqs jarayonida raqsga tushayotganlar orasini lineyka bilan o‘lchashganiday, odamlar orasidagi masofa saqlanadi. Xodimlarimiz niqoblar taqqan holda o‘zaro 2 metr oraliq masofa saqlaydi va hamma joyda sanitariya-gigiyena vositalari qo‘yilgan».
Karantin sharoitida Parsonsning boshqa aktivlardan ko‘ra YAM Properties tijorat ko‘chmas mulki savdosi bilan shug‘ullanuvchi kompaniyasi ko‘proq zarar ko‘rdi. Arizonadagi ko‘p maqsadlar uchun foydalansa bo‘ladigan binolarning ijarachilari orasida Chase bank, uy-ro‘zg‘or buyumlari sotiladigan Bed Bath & Beyond do‘konlari va AMC Theatres kinoteatrlar tarmog‘i bor. Milliarderning so‘zlariga ko‘ra, uning aksariyat ijarachilari qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, ijara haqini to‘lashda davom etyapti.
«Biz odamlar qadri hamma narsadan ustun ekanligiga ishonamiz va boshqalar ham o‘zi istagan maqsadga erishishi uchun bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Biz ular bilan imkon qadar tez-tez uchrashib turibmiz. Ijarachilarimiz ijara pulini qancha va qachon to‘lay olishini so‘raymiz. Biz ularga ijara pulini to‘lay olmasa, o‘z faoliyatini to‘xtatib, ijaraga olgan joyini yopib ketishini talab qilmaymiz», deydi tadbirkor.
Parsons hatto o‘z ijarachilariga ruhiy madad berish va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ikkita savdo markazining avtoturargohida kechki payt filmlar namoyishini uyushtirish orqali ijarachilarning savdosini oshirishga ham yordam beryapti.
Tadbirkor bu uchun avval o‘z kompaniyalaridan biriga savdo markazlarining avtoturargohlariga ulkan ekranlarni o‘rnatishni buyurdi. Bu avtoturargohlarga tashrif buyuruvchilar bitta avtomobil uchun 15-20 dollar haq to‘laydi va FM diapazonida bo‘sh turgan to‘lqin orqali ovozni tinglab, filmlar tomosha qilishi mumkin.
Shuningdek, ular film tomosha qilayotganida savdo markazidan ijaraga joy olib, ishlayotgan ovqatlanish shoxobchalaridan turli ovqat va ichimliklar buyurtma qilishlari ham mumkin. Bunda mijozlar uchun yana bir qulaylik yaratilgan. Agar ular avtoturargohga kirish chiptasi uchun sarflagan pulidan ko‘proq pulni ovqat va ichimliklar uchun sarflasa ularga chipta puli qaytarib beriladi. Umuman olganda, bu avtoturargohlarga o‘z avtomobili bilan tashrif buyuradiganlar yonidagi hamrohi bilan arzimagan pulga ovqatlanib, yana turli filmlar tomosha qilishi mumkin.
Parsonsning aniqlik kiritishicha, so‘nggi bir yarim hafta ichida Sonora Village savdo markazidagi avtoturargohiga kirish uchun mijozlarga 1 772 chipta sotilgan va bu orqali 17 300 dollar daromad topilgan. Bu mablag‘ avtoturargohni katta ekran bilan jihozlashga sarflagan pulni deyarli qoplagan. Yaqin orada avtoturargohdagi kinoteatrlar foyda bilan ishlay boshlaydi.
Parsonsning koronavirus ortidan joriy qilingan karantin tufayli salmoqli zarar ko‘rgan sohalaridan biri Bob va Rene Parsons xayriya jamg‘armasi bo‘lib, u ta'lim, sog‘liqni saqlash hamda faxriylar uchun turli loyihalarni moliyalashtiradi. 2012 yildan beri Parsons turmush o‘rtog‘i bilan tashkil etgan ushbu xayriya jamg‘armasi orqali turli xayriya ishlariga 180 million dollardan oshiqroq mablag‘ni xayriya qilgan.
2013 yilda er-xotin Parsonslar «Sovg‘a qasamyodi»ni qabul qilib, o‘zlari ishlab topgan boyliklarining kamida yarmini xayriya tashabbuslariga sarflab borishga kelishishgan.
2018 yilda Bob va Rene Parsons xayriya jamg‘armasi aktivlari 30 million dollarga baholangan edi va o‘shandan beri ushbu jamg‘arma har ikki haftada 1 million dollarga yaqin mablag‘ni turli loyihalarga xayriya sifatida ajratib kelmoqda. Parsonsning aytishicha, bu yil oson bo‘lmaydi. Ammo milliader o‘zi imzolagan tashabbuslarga sodiq qolishda davom etmoqchi va xayriyalarni to‘xtatib qo‘ymoqchi emas.
Tabiatan kurashuvchan bo‘lgan Parsons koronavirus OAVda tasvirlanganidek halokatli ekanligiga ishonmaydi va ular tomonidan o‘lim soni haddan tashqari oshirib yuborilyapti deb o‘ylaydi.
« Covid-19’ni yuqtirish va boshqa narsadan vafot etish Covid-19 tufayli o‘ldi degani emas, bular farqli narsalar. Ko‘pchilikni Covid-19 tufayli vafot etdi deb hisobot berishyapti, ammo men ularni faqat shu virus tufayli o‘lgan deb hisoblamayman», deydi milliarder.
Ko‘pgina mutaxassislar, shu jumladan AQShning allergik va yuqumli kasalliklarni o‘rganish milliy instituti direktori Entoni Fauchi ham Parsonsning fikrlariga qo‘shilmaydi.
Milliarder Arizona gubernatori Dug Dyusining koronavirus pandemiyasi tarqalishiga qarshi olib borayotgan ishlaridan mamnun. Shtat rahbari 8 maydan boshlab go‘zallik salonlari va sartaroshxonalarga, 11 maydan boshlab esa restoran va kafelarga oraliq masofani saqlagan holda qayta faoliyat boshlashga ruxsat berdi. Parsonsning fikricha, butun mamlakatda shunday qilish kerak va jamoat yig‘iladigan joylarning bir qismiga faoliyat yuritish uchun ruxsat berish lozim.
Bugun Parsons normal hayotga qaytishni intizorlik bilan kutmoqda. Milliarder tezroq do‘stlari bilan uchrashishni, beysbol o‘yinlariga bemalol borishni, hech qanday himoya vositalari haqida qayg‘urmasdan yashashni xohlaydi. «Hamma niqobda, yuribdi. Har kunimiz Helloun bayramiga o‘xshaydi, faqat shirinliklarsiz bayramga», deya hazillashgan tadbirkor.
Mavzuga oid
22:30 / 15.11.2024
Tramp jamoasi bilan Ukrainadagi urush tezroq tugaydi - Zelenskiy
19:22 / 15.11.2024
Amerikalik harbiy xizmatchilar orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari ortdi
21:21 / 14.11.2024
AQSh dollarining mustahkamlanishi global muammoga aylanadi - The Economist
16:56 / 14.11.2024