Jahon | 08:34
1955
4 daqiqa o‘qiladi

Eron bo‘yicha keskin burilish: AQSh zarbalarni bekor qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan olib borilayotgan muzokaralarda muayyan natijalarga erishilganini ma’lum qilib, Tehronga qarshi rejalashtirilgan yangi harbiy zarbalarni bekor qilganini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, kelishuvning asosiy shartlari bo‘yicha ishtirokchi tomonlar o‘rtasida kelishuvga erishilgan va hujjat yaqin kunlarda imzolanishi mumkin.

Foto: picture alliance

Tramp 11 iyun kuni kechqurun Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Eron rahbariyati bilan o‘tkazilgan muhokamalar yuqori darajada ma’qullanganini ma’lum qildi. Shu munosabat bilan u o‘sha kechaga rejalashtirilgan harbiy operatsiyani bekor qilish haqida qaror qabul qilganini yozdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ehtimoliy kelishuvning yakuniy shartlari nafaqat AQSh va Eron, balki Isroil, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Turkiya, Pokiston, Bahrayn, Kuvayt, Iordaniya va Misr kabi qator davlatlar ishtirokida ham muvofiqlashtirilgan.

Tramp shuningdek, kelishuv rasman kuchga kirguniga qadar Eronga nisbatan joriy etilgan dengiz blokadasi saqlanib qolishini bildirdi. Uning aytishicha, kelishuvni imzolash vaqti va joyi yaqin kunlarda e’lon qilinadi.

Kelishuv Yevropada imzolanishi mumkin

Amerika prezidenti jurnalistlar bilan muloqotda Eron bilan tuzilayotgan kelishuvni «ajoyib kelishuv» deb atadi va u dam olish kunlaridayoq Yevropada imzolanishi mumkinligini aytdi.

Biroq Tramp mazkur marosimda shaxsan ishtirok etmasligini bildirdi. Buning sababi sifatida u 14 iyun kuni nishonlanadigan tug‘ilgan kunini ko‘rsatgan. Shu bilan birga, AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens muzokaralarda qatnashishi kutilmoqda.

Trampning ta’kidlashicha, ehtimoliy kelishuv Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lish imkoniyatini butunlay bartaraf etadi. Shuningdek, jahon energetika bozori uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ham qayta ochilishi mumkin.

Avval keskin bayonotlar berilgan edi

E’tiborlisi, Tramp bir necha soat avval Fox News telekanaliga bergan intervyusida Eronning asosiy neft eksport markazlaridan biri bo‘lgan Xarg orolini nazoratga olish g‘oyasini tilga olgan edi.

U shuningdek, yangi harbiy zarbalar avvalgilaridan ham keng ko‘lamli va kuchli bo‘lishi mumkinligini aytgan, ammo ko‘priklar va elektr infratuzilmasini nishonga olishni istamasligini ta’kidlagan.

Tehron hali yakuniy qaror qabul qilmagan

Shu bilan birga, Eron rasmiylari Vashington bilan kelishuv bo‘yicha hali yakuniy qaror qabul qilinmaganini ma’lum qilmoqda.

Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Baqoiyning bildirishicha, mamlakat hozircha kelishuv masalasida oxirgi qarorga kelmagan.

Eron parlamenti spikeri va muzokaralar guruhi a’zosi Muhammad Boqir G‘olibof esa AQShni ehtiyot bo‘lishga chaqirib, Tehronga qarshi shoshma-shosharlik bilan qabul qilingan qarorlar Vashingtonni «cheksiz botqoqqa» tortib kiritishi mumkinligini ta’kidlagan.

Zarbalar va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofidagi keskinlik saqlanmoqda

10 iyun kuni AQSh harbiylari Eron hududidagi bir qator obektlarga yana zarba bergan edi. AQSh Markaziy qo‘mondonligi bu harakatlarni Tehronning davom etayotgan agressiv harakatlariga javob sifatida izohlagan.

Eron ommaviy axborot vositalari mamlakatning janubidagi bir nechta shaharlarda portlashlar yuz berganini xabar qildi. Shu bilan birga, AQSh va xalqaro OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Fors ko‘rfazi sohilidagi harbiy obektlar yaqinida ham portlashlar kuzatilgan.

Javob tariqasida Eron ayrim qo‘shni davlatlarda joylashgan AQSh harbiy bazalariga raketa hujumlari uyushtirgani haqida xabarlar tarqaldi. Kuvayt va Bahraynda havo hujumidan mudofaa tizimlari ishga tushirilgani ma’lum qilindi.

Shuningdek, Tehron yana bir bor Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘liq yopish haqida bayonot berdi. Eron harbiylari ushbu suv yo‘lagidan o‘tishga uringan har qanday kema nishonga olinishi mumkinligini ma’lum qilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid