Ikki tomon bir-birini ayblamoqda
Ammo Xitoy hukumati Hongkong parlamentidagi muxolif delegatlar ushbu qonun loyihasining shu oy boshida kuchga kirishiga to‘sqinlik qilgani haqida bir necha bor bayonot berdi.
Mazkur bayonotlarda mintaqaning mahalliy kengashidagi qonunlarni ko‘rib chiqish uchun mas'ul bo‘lgan Ichki ishlar qo‘mitasining 6 oy davomida muxolifat vakillari tomonidan qo‘l-oyoqsiz holga keltirib qo‘yilgani aytildi. Shuningdek, tarkibiga Xitoy Davlat madhiyasi to‘g‘risidagi qonun ham kiritilgan bir necha loyihalar ham muxoliflar tomonidan «ushlab» turilgani ma'lum qilindi.
O‘z navbatida, muxolifat vakillari ham Xitoyning Hongkong ichki ishlariga aralashishga haqqi yo‘q ekanini va u ushbu mintaqada kichik konstitutsiya deb nomlangan «asosiy qonun»ni buzganini ta'kidlashdi.
Xitoy tarafdorlari nega «o‘lib-tirilishmoqda»?
Xitoy hukumati va muxolifat o‘rtasidagi tortishuvlardan so‘ng Hongkong majlisida ko‘pchilikni tashkil qilgan xitoylik delegatlar orasida avval Ichki ishlar qo‘mitasi raisi vazifasini bajargan Starri Li 12 may kuni Ichki ishlar qo‘mitasi raisi, deb e'lon qilindi.
Ushbu voqea ortidan esa ikki tomon o‘rtasidagi ziddiyat yanada kuchayib ketdi. Natijada xitoyliklar delegatsiyasi va muxolifat o‘rtasida janjal kelib chiqdi.
Hongkong Bosh ijrochi direktori Kerri Lam va Qonunchilik kengashi prezidenti Endryu Leung qo‘mitani boshqarishga Starri Li vakolatli ekanini bildirdi.
Ma'lumot o‘rnida qayd etish lozimki, Ichki ishlar qo‘mitasi qonun loyihalarini ko‘rib chiqishdagi markaziy nuqta bo‘lib, bu yerda muhokama qilingan qonun loyihalari qo‘mita a'zolari tomonidan ma'qullangan taqdirda tasdiqlash uchun parlamentga yuboriladi. Shuning uchun ham hozirda Qonunchilik kengashida ko‘pchilikni tashkil qiluvchi (70 nafar) Xitoy tarafdorlari uzoq kutilgan loyihalarni qabul qilish uchun «o‘lib-tirilishmoqda».
Xitoy Davlat madhiyasi qonuni
Li ayni paytda qo‘mitada ko‘rib chiqilayotgan Xitoy Davlat madhiyasi to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishida ham muhim rol o‘ynashi mumkin.
Hongkong Bosh ijrochi direktori Kerri Lam madhiya to‘g‘risidagi va patentlarni qayta ko‘rib chiqish haqidagi qonunning ancha paytdan beri «ushlab» turilganini ta'kidlar ekan, «Biz ushbu ikki loyihani Qonunchilik kengashi tomonidan ko‘rib chiqilishini kutmoqdamiz», dedi.











