Hongkong shimolidagi 32 qavatli binolarda kelib chiqqan yong‘in 24 soatdan keyin ham to‘liq jilovlanmadi: kuchli alanga qutqaruvchilar ishini qiyinlashtirmoqda. Qurbonlar soni 65 kishiga yetdi, yana yuzlab insonlar bilan aloqa yo‘qolgan. Hukumat maxsus yordam fondini ochdi, majmuani ta’mirlayotgan kompaniyaning 3 nafar rasmiysi hibsga olingan.

26 noyabr – chorshanba kuni tushdan so‘ng Hongkong shimolidagi turar joy majmuasida katta yong‘in boshlangan edi. Hamon to‘liq o‘chirilmagan yong‘in oqibatida kamida 65 kishi vafot etgan, qariyb 300 kishi bedarak yo‘qolgan, deb yozmoqda Associated Press.

Foto: AP Photo/Chan Long Hei
Foto: AP Photo/Chan Long Hei
Foto: AP Photo/Chan Long Hei
Foto: AP Photo/Chan Long Hei

Tay Po tumanida joylashgan Wang Fuk Court turar joy majmuasining yuqori qavatlarida qolib ketgani taxmin qilinayotgan odamlar oldiga borish qiyinlashgan. O‘t o‘chiruvchilar deyarli bir sutkadan buyon yonayotgan binolardan chiqayotgan kuchli issiqlik va quyuq tutun sabab qiyinchilikka duch kelmoqda.

Yong‘in nimadan kelib chiqdi?

Shimoldagi Tay Po tumanida aholi uzoq muddatdan beri arzon uy-joy tanqisligidan aziyat chekadi. Shu sababli bu yerda ko‘p uylar juda zich qurilgan. Xususan, yong‘in chiqqan majmuada 8 ta blok bo‘lib, undagi 2 000 ta xonadonda 4,6 mingdan ortiq aholi istiqomat qilgan.