O‘zbekiston | 22:12 / 21.05.2020
5604
4 daqiqa o‘qiladi

Adliya vazirligiga yangi tashkil qilingan 8 ta vazirlik va idoraning faoliyatini o‘rganish topshirildi

Adliya vazirligi 2020 yil oxiriga qadar 2018–2019 yillarda yangi (qayta) tashkil qilingan 8 ta vazirlik va idora faoliyatini o‘rganadi. Bu prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 19 may kuni imzolangan “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonda ko‘zda tutilgan.

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

Hujjatda Qurilish vazirligi, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi alohida tilga olingan.

Farmon bilan Adliya vazirligi amalga oshirilayotgan ma'muriy islohotlarning samaradorligi va natijadorligini monitoring qilish, ushbu sohada vazirlik va idoralar vakolati va funksiyalarining to‘liq va sifatli amalga oshirilayotganligi hamda belgilangan maqsadlarga erishilayotganligini funksional tahlil qilish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilangan.

Unga ko‘ra, Adliya vazirligi yangi (qayta) tashkil qilingan vazirlik va idoralar, shu jumladan, ular tarkibidagi alohida tashkilotlarga (agentliklar, inspeksiyalar, markazlar va boshqalar) yuklatilgan vazifa va funksiyalarning samarali amalga oshirilayotganligini ular yangi (qayta) tashkil qilingan kundan boshlab kamida 6 oy o‘tgandan so‘ng o‘rganadi.

Mazkur o‘rganishlarga tegishli masalaga taalluqliligidan kelib chiqib, boshqa vazirlik va idoralarning malakali mutaxassislarini jalb qilishga haqli. O‘rganish natijalari bo‘yicha asoslantirilgan tahliliy materiallar va takliflar tayyorlaydi hamda Prezident administratsiyasi va hukumatga ko‘rib chiqish uchun kiritadi.

Bundan tashqari, adliya vazirligi ma'muriy islohotlar doirasida vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqiladigan yangi tashabbuslarni ko‘rib chiqadi hamda ular yuzasidan inobatga olinishi majburiy bo‘lgan xulosalar beradi; vazirlik va idoralar, shu jumladan, ular tarkibidagi alohida tashkilotlarning (agentliklar, inspeksiyalar, markazlar va boshqalar) vazifa va funksiyalari amalga oshirilishining samaradorligi ko‘rsatkichlarini (indikatorlarini) baholaydi va natijasi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining Rayosati majlisida muhokama qilish uchun umumlashtirilgan hisobot, shuningdek, samaradorlik ko‘rsatkichlariga (indikatorlariga) erishmagan davlat organlari mansabdor shaxslariga nisbatan tegishli javobgarlik choralarini qo‘llash bo‘yicha taklif kiritadi.

Shu bilan birga, prezident farmonida Adliya vazirligi zimmasiga 2020 yil yakuniga qadar vazirlik tomonidan ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonun loyihalari sifatida qabul qilish orqali ularning ulushini 20 foizga yetkazish, davlat boshqaruvi tizimini funksional tahlil qilgan holda vazirlik va idoralarning kamida 10 ta funksiyasini nodavlat sektorga o‘tkazish bo‘yicha taklif kiritish, elektron shaklda ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari ulushini 12 foizga yetkazish, aholiga davlat xizmatlari markazlari tomonidan ko‘rsatiladigan yangi xizmatlar sonini 15 taga oshirish, nodavlat notariat shakliga aylantirilgan davlat notarial idoralarining ulushini 95 foizga yetkazish, 29 ta qonunosti hujjatlari bilan belgilangan javobgarlik va sanksiya normalarini chuqur tahlil qilish va tegishli qonunlarga kiritilishini ta'minlash kabi vazifalar ham yuklatilgan.

Жамшид Ниёзов
Tayyorlagan Жамшид Ниёзов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid