Jahon | 23:52 / 24.05.2020
35603
3 daqiqa o‘qiladi

Avstriya politsiyasi pandemiya sabab yopilishi kerak bo‘lgan restoranda mamlakat prezidentiga duch keldi

Vena politsiyasi koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash doirasida tungi soatlarda yopilishi kerak bo‘lgan restoranning yozgi ayvonida mamlakat prezidenti Aleksander Van der Bellen va uning rafiqasi Doris Shmidauerni uchratib qoldi.

Foto: APA/AFP/POOL/ALBERTO PIZZOLI

Kronen Zeitung nashri politsiya axborotiga asoslanib xabar berishicha, politsiya naryadi tungi soat 00:20da «Sole» restorani yozgi ayvonida ichimlik ichib o‘tirgan mehmonlarni uchratgan. Vaholanki restoran hukumat farmoyishiga ko‘ra tungi soat 23:00da yopilishi, buyurtmalar qabul qilmasligi kerak bo‘lgan.

Bu mehmonlar mamlakat prezidenti va uning rafiqasi bo‘lib chiqqan.

«Men karantin davridan beri ilk bor ikki do‘stim va rafiqam bilan tamaddi qilishga chiqqan edim. Biz gap bilan bo‘lib, vaqt o‘tib ketganini sezmabmiz. Men chuqur taassufdaman. Bu xato bo‘ldi», — degan Van der Bellen nashrga.

«Agar restoran egasi bundan qandaydir jabr ko‘rsa, men buning uchun mas'ulman», — deb yozgan Van der Bellen Twitter’da.

Restoran rahbari Aki Nuriddiniy ham bo‘lib o‘tgan voqeani tasdiqlagan.

«Prezident — ko‘plab san'at arboblari kabi, doimiy xo‘randamiz. Kechki taom sifatida baliq tortdik. Biz hammasini to‘g‘ri qildik, so‘nggi ichimliklar berilganidan so‘ng qonunda ko‘rsatilganidek, roppa-rosa 23:00da yopildik. So‘ng prezident ayvon ostida rafiqasi bilan suhbat qurdi, boshida men ham ular bilan birga edim», — deya hikoya qilgan u.

Politsiya hisoboti Vena magistrati direktoriga yo‘llangan, endi ular pandemiya sharoitida ish vaqtiga rioya qilinmagani uchun restoran egasiga 30 ming yevro jarima qo‘llash masalasini hal qilishadi.

Hukumat farmoyishiga ko‘ra, restoranlarga ertalab soat 6:00dan tungi soat 23:00gacha ishlashga ruxsat etilgan. Nazariy jihatdan, mehmonlar taom tortilgach, stol atrofida o‘tirishlari mumkin, lekin ularga 23:00dan keyin ichimliklar va taom berilmasligi kerak. Shu bois prezident va uning rafiqasi javobgarlikka tortilmaydi.

15 maydan boshlab Avstriya hukumati mart oyida pandemiya tufayli yopilgan restoranlarga ishlashga ruxsat bergan. Umumiy ovqatlanish majmualarining ish vaqti 6:00dan 23:00gacha cheklangan. Restoran mehmonlari avvaldan stol buyurtma qilib, boshqa shaxslardan masofada o‘tirishlari, personal esa tibbiyot niqoblari bilan xizmat qilishlari kerak. Bir stol atrofida to‘rt kishidan ziyod kattalar o‘tirishi mumkin emas.

Mavzuga oid