Kun.uz’ning hukumatdagi manbalariga ko‘ra, prezident Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasiga kutilayotgan tashrifi chog‘ida O‘zbekistonning ushbu ittifoqqa kuzatuvchi sifatida a'zoligi haqida rasman e'lon qilinadi. 

Kun.uz muxbiri YeOIIga a'zolik O‘zbekiston uchun nimalar berishi va qanday oqibatlar keltirishi borasida Senat rasmiylari – Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev hamda Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Ravshanbek Alimov bilan suhbat tashkil qildi.

Ilyos Safarov: 19 may kuni YeOIIga a'zo davlatlarning prezidentlari videokonferensiya orqali majlis o‘tkazishdi. Unda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev iqtisodiy ittifoqni tanqid qilib, «Ittifoq strategiyasi»ni hozircha imzolamasligini bildirdi.

To‘qayev ittifoq nima maqsadda tashkil qilingan bo‘lsa, ularni bajarmayotgani, bu ittifoq iqtisodiy ittifoq bo‘lmay qolayotgani va ittifoq parlamentida a'zo davlatlarning rahbar vakillari soni ular to‘lagan pulga qarab belgilanishini (hozir Rossiya eng ko‘p mablag‘ sarflagani uchun aksariyat rahbar mansablarni egallab turibdi) tanqid qildi. Ittifoqning ko‘p yillik a'zo davlati Qozog‘iston prezidentining bu so‘zlari siz uchun nimani anglatadi?

Ravshanbek Alimov: – Rahmat savolingiz uchun. Haqiqatan, hammamiz ijtimoiy tarmoqlarda va ommaviy axborot vositalari orqali Yevroosiyo Iqtisodiy ittifoqi kengashi anjumanini ko‘rdik. Siz bergan savolga javob beradigan bo‘lsam, menimcha, Yevroosiyo Iqtisodiy ittifoqidagi muhim bo‘lgan muhokama, xususan, Qozog‘iston rahbarining bunga munosabati, taklif etilayotgan tashkilotning yangi strategiyasiga taalluqli bo‘lgan fikrlar. Umuman olganda, mening tushuncham bo‘yicha, Qozog‘iston rahbariyati tashkilot faoliyatini ijobiy baholagan. Ya'ni oldinda ulkan istiqbollar borligi ta'kidlangan. Mening fikrimcha, Qozog‘iston prezidentining bunday munosabati ko‘proq taklif etilayotgan yangi hujjatga – strategiyaning loyihasiga nisbatan bo‘lgan. Savolingiz juda o‘rinli. Bu muzokara O‘zbekistonning ham e'tiborini tortdi. Ya'ni bu yana bir marta ushbu tashkilot bilan hamkorlikni chuqur o‘rganishda bizga yana bitta turtki bo‘lyapti. Kuzatuvchi bo‘lib hamkorlik qilayotganimiz yo‘limizning to‘g‘riligini ko‘rsatmoqda, mening nazarimda. Chunki bu kuzatuvchilik maqomi tashkilotni yaqindan, chuqurroq o‘rganib, yo‘nalishlarini belgilashga imkon yaratdi.