Jahon | 07:37 / 25.05.2020
5969
3 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda 25 maydan karantin cheklovlari yengillashtiriladi

Qirg‘izistonda 25 maydan koronavirusga qarshi kurash doirasida kiritilgan karantin cheklovlari yengillashtiriladi.

Jumladan, virusga qarshi sanitar me'yorlarga qat'iy rioya qilingan holda jamoat transport ishi tiklanadi, buyum bozorlari, yozgi kafelar va restoranlar ochiladi.

Shuningdek, teatr, muzey, ko‘rgazma zallari va kutubxonalar faoliyati tiklanadi.

Poytaxt Bishkek meriyasi tezkor shtab qarorlari asosida 25 maydan ruxsat beriladigan faoliyat turlari ro‘yxatiga sport zallari, trenajyor zallari, fitnes-klublar va basseynlarni kiritgan.

Bundan tashqari, kontaktli, jamoaviy sport turlari uchun mo‘ljallangan sport markazlari ishlashiga ham ruxsat beriladi.

Shtabda sanitar-gigiyena me'yorlari va qoidalari – xonalarni dezinfeksiya qilish, niqob va qo‘lqop taqish, sanitayzer va antiseptiklar o‘rnatilishi hamda sanitar masofani saqlashga rioya qilinishi shart hisoblanishi ta'kidlab o‘tilgan.

Shu bilan birga, Bishkekda madaniy, sport, ilmiy, oilaviy, xotira tadbirlari o‘tkazilishi, ko‘ngilochar muassasalar, internet-klublar, bolalar ko‘ngilochar maskanlari va o‘yingohlari hamda bolalar bog‘chalari faoliyati taqiq ostida qoladi.

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi ma'lumotlariga ko‘ra, 1 iyundan iqtisodiy faoliyat yuritishga nisbatan kiritilgan barcha cheklovlar bekor qilinadi.   
Respublika hukumati pandemiya sababli ishlashi rejasini ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda. 

“Hozirda kuchlarning katta qismi koronavirusga qarshi kurashga yo‘naltirilganini hisobga olib, hukumat ishi rejasini dolzarblashtirish lozim. Ba'zi davlatlar uchun vizasiz rejim tizimini, xorijiy mutaxassislar jalb qilingan tog‘-kon va qurilish sohalaridagi loyihalarni amalga oshirish shartlarini o‘zgartirishni ko‘rib chiqish lozim”, deb aytgan Qirg‘iziston bosh vaziri Muxammadkaliy Abilgaziyev.

Uning ta'kidlashicha, koronavirusga qarshi kurash davomida kichik va o‘rta biznes katta jabr ko‘rgan.

Bosh vazirning ta'kidlashicha, respublikada bugungi kunda turgan muhim masalalardan biri ishsizlik muammosini hal qilish hisoblanadi. Shu sababli, vaqtincha ishsiz fuqarolarni jamoat ishlariga jalb qilish masalasini o‘rganib chiqish taklifi bildirilgan.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Qirg‘izistonda koronavirusga chalinganlar soni 1403 nafarni, undan vafot etganlar 14 nafarni tashkil qilmoqda.  

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid