O‘zbekiston | 12:22 / 25.05.2020
9441
2 daqiqa o‘qiladi

Sardobada jabrlanganlar uy-joy bilan ta'minlanadi, infratuzilma tiklanadi

Prezidentning 21.05.2020 yildagi «Sardoba suv ombori» to‘g‘onida yuzaga kelgan favqulodda hodisa oqibatida jabrlangan fuqarolarni manzilli qo‘llab-quvvatlash va infratuzilmani tiklash chora-tadbirlarini moliyalashtirish to‘g‘risida»gi PQ-4722-son qarori qabul qilindi.

Hujjatda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan qaytarib bermaslik asosida Davlat budjetiga $100 mln ekvivalentidagi mablag‘larning ajratilishi nazarda tutilgan.
 
Norma’ning yozishicha, ajratilgan mablag‘lar fuqarolarni uy-joy bilan ta'minlash va Sirdaryo viloyatining talafot ko‘rgan tumanlarida infratuzilmani tiklashga yo‘naltiriladi, xususan:

Suv xo‘jaligi vazirligiga – izdan chiqqan irrigatsiya va melioratsiya obektlarini tiklash uchun;

Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga – yo‘l-transport infratuzilmasini qurish, rekonstruksiya va ta'mirlash ishlari uchun;

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga – toza ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari uchun;

Sirdaryo viloyati mahalliy budjetiga – Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida 2020-2021 yillar davomida ko‘p qavatli uy-joylarni qurish hamda qurib bitkazilgan va sotilmagan ko‘p qavatli uy-joylardagi xonadonlarni egalikka berish uchun. Norma uy-joyi buzilgan yoki yashab bo‘lmaydigan ahvolga kelgan oilalarga taalluqli;

Xalq ta'limi vazirligi, Maktabgacha ta'lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligiga – ijtimoiy soha obektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta'mirlash ishlari uchun.
 
Ko‘rsatilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun Vazirlar Mahkamasiga tegishli topshiriqlar berildi. Prezident Administratsiyasiga Mudofaa va huquq-tartibot organlarining tadbirlari hamda ularga respublikaning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturida ko‘zda tutilgan jami 1,150 trln so‘m miqdorigacha bo‘lgan budjet mablag‘larini maqbullashtirish bo‘yicha taklif kiritish ular jumlasiga kiradi. Maqbullashtiriladigan mablag‘larni kelgusida qayta taqsimlash yo‘nalishlari belgilandi.
 
Hujjat 21.05.2020 yildan kuchga kirgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid