BBC nashri sotsiolog olimlarning mulohazalari va pandemiyaning kundalik hayotimizga qanday ta'sir o‘tkazishi haqidagi dastlabki izlanishlar natijalarini e'lon qildi.

Lokdaunning besh bosqichi
Avstraliya psixologlari assotsiatsiyasi rahbari Mariya Kollinz o‘z maqolasida karantinda yoki o‘z-o‘zini yakkalash sharoitidagi odamlar boshidan kechiradigan beshta asosiy bosqichni sanab o‘tdi. Bu shkala 1969 yilda Doktor Elizabet Kyubler-Ross tomonidan joriy qilingan qayg‘uni qabul qilishning an'anaviy bosqichlaridan — «ishonchsizlik (rad qilish), g‘azablanish, tortishish, tushkunlik, tan berish»dan bir oz farq qiladi. 

Uning fikricha, koronavirusdan izolyatsiyalanish bosqichlari quyidagicha ko‘rinadi: «ishonchsizlik (rad etish), g‘azab, qayg‘u, ko‘nikish va umid». 

Kollinzning so‘zlariga ko‘ra, ko‘pchilik mart oyi o‘rtalari va oyning ikkinchi yarmida boshdan kechirgan birinchi bosqichda odamlar o‘zlariga hatto ko‘rinmaydigan sababga ko‘ra o‘z odatlarini tubdan o‘zgartirish va hayotlarini cheklash zarurligini rad etishdi. 

Odatiy turmush tarzi allaqachon barbod bo‘lgan va insonning qo‘lidan mutlaqo hech narsa kelmaydigan bir vaqtda ishonchsizlik g‘azabga aylanadi. Umuman olganda, o‘z xohishi bilan yoki tashqaridan izolyatsiyalangan odamlar bu bosqichni ham boshdan kechirib bo‘lishdi.

Kimsasiz ko‘chalar ko‘rinishi - lokdaunning og‘ir psixologik ta'sirlaridan biridir / Getty Images

Uchinchi bosqich – qayg‘uni – derazadan (odatda juda gavjum bo‘ladigan) bo‘sh ko‘chaga qaragan, noma'lum muddatga yopilgan do‘konlar qatori yonidan o‘tayotgan, ijtimoiy tarmoqlarda o‘sha vaqtgacha abstrakt tushuncha bo‘lgan koronavirus kimningdir yaqinini hayotdan olib ketganini ko‘rgan har qanday odam his qiladi.

Meri Kollinz shkalasi bo‘yicha, hozir aksariyatimiz ko‘nikish bosqichidamiz. Yangi kundalik harakatlar odatiyga aylandi. «Biz yangi voqelikni – bu uy sharoitida ishlashmi yoki bolalarning masofadan ta'lim olishimi – qabul qiladigan darajaga yetib keldik. Yoki ishsiz qolishning barcha qiyinchiliklarini boshdan kechirib, endilikda hukumat yordamini kutyapmiz», deb yozadi u. 

Beshinchi bosqich ya'ni nekbinlik esa karantin choralarining yengillashishi bilan boshlanadi. «Ko‘nikish bosqichida asab tizimi barqarorlashadi, so‘ngra tanada adrenalin ishlab chiqarila boshlaydi, odamlar yanada ijodkor va samaraliroq bo‘lib boradi, idrok o‘tkirlashadi», deb tushuntiradi Kollinz.