Koronavirus tarqalishi va u bilan bog‘liq cheklovlar asrlar davomida davom etadiganga o‘xshasa-da, SARS-CoV-2 virusi hali ham insoniyat uchun yangi bo‘lib, uni o‘rganish kerak. «Ko‘pchilik uchun bu juda qiyin. Odamlarga biz aniq javoblar berishimiz kerakdek ko‘rinmoqda, — deydi epidemiolog Saskiya Popesku. — Aslida esa, biz ko‘prik qurishga va undan yurishga bir vaqtning o‘zida harakat qilmoqdamiz. Bu biz uchun yangi kasallik va yangi vaziyat».

1. Koronavirusdan aslida qancha odam zararlandi?
27 may holatiga ko‘ra, dunyoda koronavirus infeksiyasini yuqtirishning tasdiqlangan 5,7 million holati va 354 mingdan ortiq o‘lim holatlari qayd etilgan. Ammo ko‘pgina mutaxassislar bu raqamlar yetarli emas, degan fikrda. Har bir zararlanish holatini kuzatish uchun bizda testlar va boshqa vositalar yetishmayapti. Dunyoda millionlab aniqlanmagan bemorlar mavjud bo‘lishi mumkin. 

  • Biz hech qachon bu savolga aniq javobni bilmasligimiz ehtimoli juda yuqori. 1918-1920 yillardagi «ispanka grippi» epidemiyasi qancha odamning hayotiga zomin bo‘lgani to‘g‘risida olimlar hanuz bahslashishadi.

Biroq, aniq javob olish juda muhim. Agar hozir bilganimizdan ko‘proq odam zararlangan bo‘lib, ammo o‘lim soni o‘zgarishsiz qolsa, koronavirusdan o‘lim darajasi o‘ylaganimizdan pasayadi. Agar aniqlanmagan holatlar kamligi yoki o‘lim holatlari ko‘payganligi aniqlansa, qat'iy izolyatsiya choralarini qo‘llash samarali bo‘lgan hisoblanadi. 

Gap shundaki, ba'zi insonlarning hech qanday simptomlarsiz holatda virus tashuvchisi bo‘lishlari yoki ijobiy test natijasi olishlari bilan murakkablashadi. Shunday qilib, ko‘pchilik o‘zi bilmagan holda virus yuqtirib olgan bo‘lishi mumkin. Ilgari ular asimptomatik tashuvchilar deb hisoblanar edi, ammo dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, ko‘pchilikda vaqt o‘tishi bilan kasallikning ayrim belgilari paydo bo‘ladi. Agar qo‘shimcha tadqiqotlar buni tasdiqlasa, e'tiborsiz qolayotgan holatlar soni uncha ko‘p emas.

Olimlar hozircha ehtiyotkorlikka qay darajada amal qilish borasida bahslashmoqda. Italiya, Ispaniya va Qo‘shma Shtatlardagi voqealar koronavirus juda xavfli bo‘lishi mumkinligini allaqachon isbotladi. Gap hozir holatga e'tiborsizlik qilish yoki beg‘am yashash mumkin yoki yo‘qligida emas, qanchalik ehtiyotkor bo‘lish haqida bormoqda.

2. Masofa saqlash o‘lchovlari qanday bo‘lgani ma'qul?
Ko‘pgina davlatlar karantin tartibiga o‘tib, iloji boricha hamma narsani yopishdi. Bu olimlar uchun qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘dirdi: aynan qaysi choralar virus tarqalishini sekinlashtirishi noma'lum. Ommaviy tadbirlar taqiqlanishimi? Parvoz cheklovlarimi? Masofaviy ish rejimiga o‘tishmi?