«O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi Qonun (yangi tahrirda) loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.
Loyihaga ko‘ra, Konstitutsiyaviy sudning vakolatlari kengaytirilmoqda. Jumladan, fuqarolar va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy huquqlari buzilganligi to‘g‘risidagi shikoyatlar bo‘yicha qonunlarning konstitutsiyaviyligini aniqlash, Bosh prokurorning buyruqlari va boshqa hujjatlarining (individual xususiyatga ega bo‘lgan hujjatlar bundan mustasno) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga muvofiqligini aniqlashga oid ishlarni ko‘rib chiqish vakolatlari ham nazarda tutilmoqda.
Loyihada Konstitutsiyaviy sud rais va uning o‘rinbosarini qo‘shgan holda Konstitutsiyaviy sudning to‘qqiz nafar sudyasidan iborat bo‘lishi ko‘rsatilmoqda. Amaldagi Qonunga ko‘ra, Konstitutsiyaviy sud tarkibi yetti nafar sudyadan iborat.
Konstitutsiyaviy sud sud majlisida kamida besh nafar sudya ishtirok etgan taqdirda ishlarni ko‘rib chiqish vakolatiga egaligi nazarda tutilmoqda. Amaldagi tahrirda esa kvorum uchun kamida to‘rt nafar sudya bo‘lishi lozimligi belgilangan.
Amaldagi Qonunda ayni bir shaxs ikki martadan ortiq Konstitutsiyaviy sudning sudyasi etib saylanishi mumkin emasligi belgilangan. Loyihada esa bu cheklov nazarda tutilmagan.
Ta'kidlash lozimki, qonun loyihasiga kiritilgan eng muhim yangilik – bu muayyan ishda qo‘llanilgan qonun bilan ularning konstitutsiyaviy huquqlari buzilganligi yuzasidan shikoyat bilan fuqarolar va yuridik shaxslar Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqining belgilanayotganligidir.
Yangiliklardan yana biri – bu Qonun loyihasiga normativ-huquqiy hujjatning konstitutsiyaviyligi prezumpsiyasining kiritilayotganidir. Unga ko‘ra, normativ-huquqiy hujjat, uning O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq emasligi Konstitutsiyaviy sudning sud muhokamasi natijasida qabul qilingan qarori bilan aniqlanmaguncha, konstitutsiyaviy hisoblanadi.
















