O‘zbekiston | 21:29 / 03.06.2020
12959
2 daqiqa o‘qiladi

Urganch shahrida xalqaro universitet filialini ochish bo‘yicha kelishuv imzolandi

Urganch shahrida Malayziyaning Binary menejment va tadbirkorlik universiteti filiali ochiladi. U Xorazm viloyatidagi ilk xorijiy ta'lim dargohi bo‘ladi.

3 iyun kuni Oliy ta'lim vazirligi, Xorazm viloyati hokimligi va Malayziyaning Binary menejment va tadbirkorlik universiteti rahbariyati tomonidan Urganch shahrida Binary menejment va tadbirkorlik universiteti filialini ochish bo‘yicha uch tomonlama kelishuv onlayn tarzda imzolandi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 12-13 mart kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi davomida shu haqda topshiriq bergan edi.

Malayziyaning Binary menejment va tadbirkorlik universiteti 1984 yilda tashkil qilingan bo‘lib, axborot texnologiyalari, menejment, tadbirkorlik sohasidagi xususiy oliy ta'lim muassasasi hisoblanadi.

Universitet talabalarga qishloq ho‘jaligi, turizm, axborot texnologiyalari, moliyaviy xizmatlar sohalari bo‘yicha amaliy tadbirkorlik dasturlarini taklif qiladi. Ayni paytda universitetda Malayziya hukumati va YuNeSKO grantlari asosida 60dan ortiq mamlakatlardan talabalar ta'lim olmoqda.

Urganch shahrida tashkil qilinayotgan Binary menejment va tadbirkorlik universiteti filialida birinchi o‘quv yilida 240 nafar talaba qabul qilinishi rejalashtirilmoqda.

O‘quv dargohini sobiq «Urganch ijtimoiy-iqtisodiyot kasb-hunar kolleji» binosida joylashtirilishi belgilangan.

Binoni ta'mirlash Xorazm viloyati hokimligi tomonidan amalga oshirilishi hamda uni elektron kutubxona, o‘quv asbob-uskunalari va jihozlar bilan ta'minlashga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kiritilishi ko‘zda tutilgan.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid