Jamiyat | 17:35
897
3 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda qahvaxonaga bostirib kirgan Cobalt voqeasi: 2 kishi jiddiy jarohatlangani ma’lum bo‘ldi

12 iyun kuni Urganch shahrida Cobalt qahvaxonaga “bostirib” kirgandi. Oqibatda 2 kishi jabrlangan. YHXX ular “yengil shilinish” jarohati olganini bildirdi. Ammo tibbiy ma’lumotnomadan ma’lum bo‘lishicha, kafe ichidagi yigitlardan birining jag‘i va ensa suyagi sinib ketgan. U 11 kundan buyon kasalxonada qolmoqda.

Foto: Videodan kadr

Urganch shahridagi YTHda ikki kishi jiddiy jarohatlandi. Kun.uz jabrlanganlarga oid tibbiy ma’lumotnomalar bilan tanishdi. 

Nima bo‘lgandi?

12 iyun kuni kechga yaqin Urganch shahrida katta tezlikda harakatlangan Cobalt mashinasi chorrahada boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetiga chiqib ketgan va “Coffelito coffee” qahvaxonasiga buzib kirgan edi.

Transport vositasi 20 yoshli I.I. boshqaruvida bo‘lgan. U chorrahada tezlikni oshirgan va boshqa bir mashinani urib yubormaslik uchun rulni burib, boshqaruvni yo‘qotgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda ko‘rinishicha, Cobalt chorrahaning o‘ng tomonida joylashgan qahvaxona eshigini buzib o‘tgan holda ichkariga “bostirib” kirgan. Oqibatda, qahvaxonada o‘tirgan 20 va 21 yoshli yigitlar jarohatlangan.

“Yengil shilinish”mi yoki og‘ir jarohat?

YHXXning Kun.uz so‘roviga javoban bergan ma’lumotnomasida keltirilishicha, jabrlanuvchilardan biri “chap qo‘l shilinishi”, ikkinchisi esa “o‘ng yuz shilinishi” bilan bog‘liq yengil tan jarohati olgan. Ularga shifoxonada birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgani hamda uyiga ruxsat berilgan.

Biroq, tahririyatga kelib tushgan tibbiy xulosalarga ko‘ra, vaziyat ancha jiddiy: jabrlanuvchilar yengil emas, jiddiy tan jarohati olgan bo‘lishi mumkin.

Xususan, Kun.uz tanishgan ma’lumotnomalarda yigitlardan biri chap pastki jag‘ suyagining vertikal sinishi, chap ensa suyagi sinishi, bosh qismida travmatik o‘zgarishlar hamda bo‘yin umurtqa pog‘onasi segmentlari shikastlanishi, ikkinchisi esa fibroz halqaning yirtilishi, dural qop deformatsiyasi, umurtqa kanali stenozi va boshqa turdagi jarohatlar olgani qayd etilgan. Yigitlardan biri hozirgacha kasalxonada qolmoqda.

Kun.uz manbasi Cobalt haydovchisining otasi IIB tizimiga aloqador shaxs ekanini va u surishtiruvga ta’sir o‘tkazishga urinayotganini aytmoqda.

Руслан Сабуров
Muallif Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid