O‘zbekiston | 17:57 / 04.06.2020
53522
2 daqiqa o‘qiladi

Qamchiq dovonida uchta yuk mashinasi ishtirokida avtohalokat sodir bo‘ldi

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departament 4 iyun kuni Qamchiq dovonida uchta yuk mashinasi ishtirokida avtohalokat yuz bergani haqida ma'lumot berdi.

Ta'kidlanishicha, shu kuni soat 05:00da 63 yoshli A.R. boshqaruvida bo‘lgan «Sams» rusumli yuk avtomashinani Pop tumani «Qo‘shminor» MFY hududidan o‘tuvchi «Toshkent-O‘sh» avtomobil yo‘lining 227 kilometrida boshqarib ketayotganida, tormoz tizimi ishlamay qolishi natijasida harakat xavfsizligini ta'minlay olmagan.

Oqibatda, «Sams» yuk avtotransporti shu yo‘nalish bo‘yicha yo‘lning chetida to‘xtab turgan 26 yoshli A.G‘.  boshqaruvida bo‘lgan «Isuzu» yuk avtomashinaga va 26 yoshli N.R. boshqaruvida bo‘lgan ikkinchi «Isuzu» yuk avtomashinaning orqa qismiga urilib, ag‘darilgan hamda «Sams» yuk avtomashinasining kabina qismida yong‘in yuzaga kelgan.

Natijada «Sams» yuk mashina haydovchisi A.R. va «Isuzu» yuk avtomashinasidan birining haydovchisi A.G‘.  hodisa joyida vafot etganlar, ikkinchi «Isuzu» rusumli yuk avtomashinasining haydovchisi N.R. shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Pop tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi («odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Алишер Рўзиохунов
Tayyorlagan Алишер Рўзиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid