O‘zbekiston | 21:21 / 05.06.2020
20969
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston elchixonalari nega telefon qo‘ng‘irog‘iga javob bermaydi?

Kun.uz tahririyatiga xorijdan yo‘llangan murojaatlar orasida ko‘pincha elchixona va konsullik idoralarining telefon qo‘ng‘iroqlarga befarqligidan shikoyat qilinadi. Ayniqsa, pandemiya paytida shu turdagi murojaatlar soni keskin oshdi.

O‘zbekistonning 30dan ortiq davlatda elchixona va konsullik idoralari ish olib boradi. Poytaxtda esa 44ta davlatning elchixonasi mavjud. Rasmiy Toshkent dunyoning 134ta davlati bilan diplomatik aloqalarni o‘rnatgan.

Shunga qaramay, xorijdagi vatandoshlar Tashqi ishlar vazirligi tizimidagi xodimlarning murojaatlarga befarq bo‘lishidan norozi bo‘ladi.

Hukumat maxsus komissiyasi qarori bilan O‘zbekistonda karantin e'lon qilingan davrdan boshlab, ichki va tashqi muntazam aviaqatnovlar bekor qilindi. Vatandoshlarni xorijdan olib kelish uchun maxsus charter reyslar tashkil etila boshlandi. Kun.uz'ga murojaat yo‘llagan o‘quvchilar charter reyslar haqida ma'lumot olish va avvaldan ro‘yxatga turish uchun elchixona bilan bog‘lanish qiyin ekanini iddao qildi.

Shuningdek, pandemiya tufayli doimiy ishini yo‘qotgan, ayni paytda tibbiy yordamga yoxud moddiy ko‘makka muhtoj fuqarolar ham elchixona bilan bog‘lanish qiyinligini tasdiqladi.

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va uning o‘rinbosarlari hanuzgacha aholi e'tiroziga jo‘yali munosabat bildirmayotir.

Agar muammo elchixonaga murojaatlar soni ko‘pligi va bunga nomutanosib ishchi kuchi, ya'ni xodimlar yetishmasligi bo‘lsa, nima uchun vazirlik ushbu masalani ijobiy hal etish ustida bosh qotirmaydi?

Ilg‘or kompaniyalar allaqachon aloqa markazlari uchun ajratiladigan xarajatlarni kamaytirish, mijozlarga sifatli va uzluksiz xizmat ko‘rsatish uchun «VoIP» (Voice-over-IP) usulidan foydalanadi.

Masalan, Yaponiyada yashovchi fuqaro yuk tashish xizmatidan foydalanmoqchi bo‘lib, qo‘ng‘iroq qilganda, hech qanday qiyinchiliksiz buyurtma beradi. Aslida uning qo‘ng‘irog‘iga Yaponiyada emas, balki boshqa davlatda yashab, ishlayotgan mutaxassis javob berishi mumkin.

Bunda kompaniya ishchi kuchi arzon, nisbatan kam xarajat talab etuvchi sharoitdagi davlatda koll-markazini tashkil etishi mumkin. Vaholanki, mijoz aloqada bo‘lgan operatorning umuman boshqa shahar va davlatda bo‘lganini sezmaydi. Bunday qo‘ng‘iroqlar uchun mijozdan qo‘shimcha haq olinmaydi.

Agar Toshkent shahrida xorijdagi vatandoshlarning elchixonalarga qo‘ng‘iroqlarini qabul qiluvchi koll-markaz tashkil etilsa, vazirlik faoliyatida sezilarli ijobiy o‘zgarish bo‘lishiga ishonaman.

Birinchidan, fuqarolarning hukumatga ishonchi ortib, ularni eshitguvchi paydo bo‘lgani quvontiradi. Xorijdagi vatandoshlarning konsullik idoralaridan noroziligi pasayadi hamda TIV faoliyatiga hurmati oshadi.

Ikkinchidan, vazirlikning xorijdagi vatandoshlarni qiynayotgan masalalar yuzasidan xabardorligi ortadi. Ushbu ma'lumotlar Toshkent shahrida to‘planishi esa kelgusi ishlarni tizimli tashkil etishga zamin yaratadi.

Uchinchidan, koll-markaz orqali xorijda doimiy yashovchi, asli o‘zbekistonlik vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash imkoniyati paydo bo‘ladi. Ularning istak va tavsiyalarini qabul qilish mexanizmi birmuncha soddalashadi.

Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi ushbu amaliyotni 2013 yil iyunda hayotga tatbiq etgan. Ya'ni xorijdan qabul qilinadigan barcha telefon qo‘ng‘iroqlar Malaga, Hongkong va Ottavadagi konsullik idoralariga yo‘naltirilgan. Ularning ish soatidan tashqari paytda qo‘ng‘iroqlar bo‘lsa, vazirlik huzurida tashkil etilgan London global javob berish markazi xodimlari vatandoshlar bilan muloqot qiladi.

Ushbu markazlarda xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar ko‘p takrorlanuvchi savollarga standart javob berishni puxta bilishadi. Shuningdek, ular aholi bilan muloqot qilish bo‘yicha maxsus diplomatik treninglardan o‘tadi.

O‘zbekiston sharoitida esa, Tashqi ishlar vazirligi tuzilmasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyat yuritadi. Menimcha, koll-markazda ishlash – talabalar uchun ham amaliyot, ham o‘z sohasi bo‘yicha mehnat qilish imkoniyatini beradi. Vaholanki, bu ishlarni tashkil etish murakkab vazifa emas.

Alisher Ro‘zioxunov

Mavzuga oid