Jamiyat | 16:27 / 07.06.2020
4380
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onaning 4 tumanida ayrim hududlar ilk marta markazlashgan ichimlik suvi bilan ta'minlanadi - Vazir

Farg‘ona viloyatida aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta'minlanganlik darajasi 85 foizni tashkil etadi. Bu yil Rishton, Quva, Beshariq va Uchko‘prik tumanlarida ayrim hududlar aholisi ilk marta markazlashgan ichimlik suvi bilan ta'minlanadi. Bu haqda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Muzaffar Soliyev ma'lum qildi.

Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida Farg‘ona viloyatini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash borasida qilinishi rejalashtirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berildi.

Muzaffar Soliyevning ma'lum qilishicha, Farg‘ona viloyatida aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta'minlanganlik darajasi 85 foizni tashkil etadi. Ya'ni, viloyatda istiqomat qiluvchi 3 million 700 ming aholining 3 million 100 ming nafarida markazlashgan toza ichimlik suvidan foydalanish imkoni bor.

«Bu ko‘rsatkich respublika miqyosida yuqori daraja hisoblanadi. Shunday bo‘lishiga qaramasdan markazlashgan tizim tarmoqlari ta'mirtalablik holatlari bor.

So‘nggi 3 yil davomida, 2020 yil 1 yanvar holatigacha Farg‘ona viloyatida ichimlik suvi muammosini hal qilish uchun 300 milliard so‘m ajratilgan. 2020 yilda esa 94 milliard so‘m pul ajratilishi mo‘ljallangan», dedi vazir.

Uning ta'kidlashicha, ajratilgan mablag‘ doirasida Qo‘qon shahrida 8 ming, Marg‘ilon shahrida 35 ming aholining markazlashgan suv ta'minoti yaxshilanadi. Rishtonda 2300 nafar, Quva tumanida 1500 nafar kishiga ilk bor markazlashgan suv ta'minoti yetkaziladi.

Bundan tashqari, Beshariq va Uchko‘prik tumanlarida ham ayrim hududlar ilk marta markazlashgan ichimlik suvi bilan ta'minlanadi.

«Farg‘ona viloyatida ichimlik suvi bilan bog‘liq eng katta muammo suv tarkibida qattiqlik darajasining oshib ketgani bilan bog‘liq. Suvni yumshatish va uning tarkibini yaxshilash bo‘yicha loyihalar amalga oshirilishi mo‘ljallangan.

Shuningdek, qiymati 151 million dollarga teng yana bir katta loyiha Farg‘ona viloyatining 14ta tumani markazini kanalizatsiya-oqova tizimini ta'minlashga mo‘ljallangan», deya ma'lumot berdi Muzaffar Soliyev.

Зилола Ғайбуллаева
Tayyorlagan Зилола Ғайбуллаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid