Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«O‘zbekiston ta'lim tizimida amaliyot kam» – Farg‘onadagi yangi universitetning koreys prorektori
5-6 iyun kunlari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatida bo‘lib qaytdi.
Kecha, tashrifning ikkinchi kunida davlat rahbari Farg‘ona shahridagi O‘zbekiston–Koreya xalqaro universitetida ham bo‘ldi.

Universitet 2019 yilda faoliyatini boshlagan. Muassasada gumanitar va texnik muhandislik yo‘nalishlarida ta'lim beriladi. Turizm menejmenti, maktabgacha ta'lim, menejment va kompyuterlashtirilgan buxgalteriya hisobi, koreys tili va adabiyoti kabi sohalar shular jumlasidan.
Shuningdek, mashinasozlik muhandisligi, kelajak avtomobilsozligi injiniringi, elektrotexnika muhandisligi, arxitektura muhandisligi, kompyuter muhandisligi, energetika va kimyo muhandisligi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.
Universitetning Tashqi hamkorlik aloqalari prorektori Dilfuza Umrzoqovaning ma'lumot berishicha, ta'lim muassasasi jami 4000 talabani qabul qilish imkoniyatiga ega. 1640 nafar talaba esa bugungi kunda bakalavriat bosqichida tahsil olmoqda. 2023 yilda bu yerda magistratura va doktorantura ochish ham reja qilinmoqda.
«Universitetda 27 nafar pedagog faoliyat olib bormoqda. Ulardan 12 nafari – koreyalik mutaxassislar. O‘qituvchilarning har biri bizning ta'lim tizimi tilida aytganda PhD ilmiy darajasiga ega Keyingi yili yana 30 nafar professor jalb qilinadi», deydi u.
Prorektor Yu Jong Xva universitetga tashrif buyurgan jurnalistlar uchun qisqa taqdimot o‘tkazdi. Uning aytishicha, ayni vaqtda O‘zbekiston-Janubiy Koreya xalqaro universitetida 3ta yirik loyiha mavjud.
«Birinchisi mazkur o‘quv binosi bo‘lib, bu bitkazilgan. Ikkinchi loyihaga ko‘ra, amaliy mashg‘ulotlar uchun 7 qavatli bino quriladi. U yerda amaliy mashg‘ulotlar uchun auditoriyalar, elektron kutubxona, oshxona bo‘ladi.
Uchinchi loyiha bolalar bog‘chalarini qurishni nazarda tutadi. Universitetimiz jami 4ta – Farg‘ona, Namangan, Andijonda bolalar bog‘chasi quradi.
Bu loyihalarni amalga oshirish uchun jami 11,9 mln dollar miqdorida investitsiya ajratilmoqda», – dedi u.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Universitetda Janubiy Koreyadagi kabi yangicha ta'lim tizimi amal qiladi. 3 yil davomida bu yerda tahsil olgan talaba o‘qishning to‘rtinchi yilini Koreyada davom ettiradi.
«Koreyaning yetakchi universitetlari bilan bu borada kelishuvimiz bor. Talabalarimiz nafaqat O‘zbekistonda, balki Koreyada ham tan olinadigan diplomga ega bo‘lishadi.
Janubiy Koreyadagi bir yillik o‘quv davrida talabalarimizda Samsung, LG, Hyundai singari yetakchi kompaniyalarga ishga kirishni osonlashtiruvchi texnik sertifikatlarga ega bo‘lish uchun imkoniyat ham mavjud bo‘ladi. Shuningdek, ular ilmiy-tadqiqot muassasalari va davlat kompaniyalariga ishga kirishda ham imtiyozga ega bo‘lishadi.
Universitet to‘liq Koreya tomonidan kiritilayotgan investitsiya mablag‘lari asosida tashkil etilmoqda. Farg‘ona viloyati hokimiyati tomonidan bino ajratish va boshqa tashkiliy ishlar uchun yordam ko‘rsatildi.
Yillik qabul 720 o‘rin. Shartnoma to‘lovi gumanitar yo‘nalish uchun 3 ming dollar, injyenering yo‘nalishi uchun 3,3 ming dollarni tashkil etadi», – dedi Yu Jong Xva o‘z taqdimotida.
Kun.uz muxbiri taqdimot yakunida universitetning Xalqaro aloqalar bo‘lim prorektori Yu Jong Xva bilan qisqa suhbatda bo‘ldi.
– Siz bir necha yildan buyon O‘zbekistondasiz, bizning ta'lim tizimimiz bilan tanishmoqdasiz. Ayting-chi, O‘zbekiston ta'lim tizimida qaysi jihatlarimiz ustida ko‘proq ishlashimiz kerak?
– O‘zbekiston ta'lim tizimida amaliyot kam. Kollejlarda asosan nazariya o‘qitiladi, universitetlarda ham shunday. Bizda oliy o‘quv yurtida ta'limning birinchi bosqichidanoq amaliyot boshlanadi.
Ta'lim tizimida kredit shakliga tezroq o‘tish kerak. Talaba mustaqil shug‘ullanib, izlangan holda ball to‘plab, baho oladi.
Universitetlarda ko‘plab keraksiz, ortiqcha fanlar o‘qitiladi. Bizda barcha fanlar mutaxassislikka yo‘naltirilgan. Soha uchun kerakli bo‘lgan fanlar ko‘paytirilishi kerak.
– O‘zbek yoshlari haqida taassurotlaringiz qanday? Ularning kayfiyatini qanday baholaysiz?
– Professorlarimizning taassurotlariga ko‘ra, o‘zbek talabalari juda ham mehribon va samimiy. O‘zbek yoshlari bilimli, ularda katta salohiyat bor. Talabchan, dars vaqtida ham o‘zlarini qiziqtirgan narsalarni talab qilishadi.
– Pandemiya tufayli O‘zbekistonda kirish imtihonlarini o‘tkazish masalasi muammoli bo‘lib turibdi. Sizlar uni qanday hal qilyapsiz?
– Pandemiyani davom etish ehtimolini inobatga olib, DTM bilan birgalikda testlarni ishlab chiqmoqdamiz. Test jarayonlari ham karantin qoidalariga rioya qilgan holda – ijtimoiy masofani saqlab, niqob taqqan holda o‘tkaziladi.
Hozir respublika bo‘yicha modul platformasida darslar, videodarslar olib borilmoqda. Hozirgacha ham modul orqali darslarni o‘tkazib, talabalarni baholab kelyapmiz. Yangi o‘quv yili uchun ham videodarslar, roliklar olinib, tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Chunki pandemiya yil yakunigacha davom etishi taxmin qilinmoqda.
– Sizningcha, universitetingiz tayyorlaydigan kadrlar o‘zbek mehnat bozoridagi raqobatda o‘z o‘rnini topa oladimi? Bizda oxirgi yillarda Janubiy Koreyadan tashqari boshqa davlat universitetlari ham filiallarini ochmoqda.
– Talabalarimiz endi birinchi bosqichni tamomlashmoqda, shuning uchun biron narsa deyish qiyin. Ikkinchi, uchinchi bosqichda natijalarni ko‘rish mumkin. Bizda talabalar erkin qo‘yib berilgan. Unday qil, bunday qil degan ko‘rsatmalar bo‘lmaydi. Talaba o‘z fikrini bemalol aytaveradi, shaxsiy mulohazasi uchun tanqid qilinmaydi. Erkinlik bor.
Talabalarimiz orasida davlat tomonidan o‘tkazilayotgan turli tanlovlarda qatnashib o‘rin olganlar, sovrindorlar bor. Bizda forma masalasi ham erkin, hamma o‘zi istagan narsani kiyadi. Muhimi, qulaylik.
Ilyos Safarov tayyorladi.
Ma'lumot o‘rnida, prezident Mirziyoyevning Farg‘onaga tashrifi o‘zbek OAV uchun bir jihat bilan alohida ahamiyatli: bu gal ilk bor mamlakatdagi 5ta xususiy internet nashrga prezident safarini bevosita joyidan turib yoritish uchun ruxsat berildi. Xususan, Kun.uz, Daryo.uz, Gazeta.uz, Xabar.uz va Uznews.uz internet saytlari muxbirlari tashrif jarayonlarini Farg‘onadan turib yoritib bordi. Shu paytga qadar esa prezident tashrifi tafsilotlari faqat uning matbuot xizmati va davlat telekanallari orqaligina aholiga yetkazib kelinardi.
Mavzuga oid
08:24 / 04.06.2026
Farg‘onada membranali suv havzasida bir kishi cho‘kib ketdi
08:44 / 02.06.2026
Sasseks universiteti O‘zbekistonda kampus ochish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda
16:15 / 23.05.2026
“Maqsad sari” shina tortgan bola: uning otasiga chora ko‘rilishi mumkin
08:24 / 20.05.2026