Jahon | 00:08 / 08.06.2020
13686
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistonining Jidda shahrida yana komendantlik soati kiritildi  

Saudiya Arabistonining yirikligi bo‘yicha ikkinchi shahri - Jiddada koronavirusga chalinish holatlari ko‘paygani sababli yana masjidlar yopilib, komendantlik soati kiritildi.

Podshohlikning sog‘liqni saqlash vazirligida ma'lum qilinishicha, ushbu cheklovlar kamida 2 hafta - 21 iyungacha amal qiladi. 

“Epidemiologik vaziyatni o‘rganib va shifoxonalarning intensiv davolash bo‘limlari yuqori darajada yuklanganli sababli Jiddada keyingi ikki hafta davomida qat'iy choralar qabul qilishga qaror qilindi”, deyilgan vazirlikda.

Bu esa yaqindagina ochilgan masjidlar yana yopilishi, kafe va restoranlar faqat buyurtmani yetkazishga ishlashini anglatadi. Shuningdek, 5 kishidan ko‘p bo‘lib to‘planishga ruxsat berilmaydi. Komendantlik soati doirasida uydan soat 15dan boshlab keyingi kun soat 6gacha chiqish taqiqlanadi. 

Bu choralar mamlakat bo‘ylab safarlarga ta'sir ko‘rsatmagan. Biroq aholidan va mamlakatga tashrif buyurganlardan oraliq masofani saqlash va shaxsiy himoya vositalaridan foydalanish talab qilinmoqda. Xorijlik qoidabuzarlar deportatsiya qilinishi va podshohlikka kirish huquqidan umrbod mahrum qilinishi mumkin.

Ta'kidlab o‘tish joiz, mamlakat rahbariyati joriy yilda iyul oxiriga to‘g‘ri kelayotgan haj amalining o‘tkazilishi bo‘yicha hali bir qarorga kelmadi. 

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatda koronavirusga chalinganlar soni 100 mingdan oshdi. 

Saudiya Arabistonida Ramazon oyi tugashi va Ramazon hayiti munosabati bilan karantin cheklovlari yengillashtirila boshlangandi. Biroq Jiddada kasallanganlar soni keskin oshgani sababli hozircha ushbu shaharning o‘zida cheklovlarni qaytarishga qaror qilingan. 

Mavzuga oid