Abramov Saudiya karantinda ham mashg‘ulot o‘tkazganini aytdi
O‘zbekiston milliy jamoasining JCh-2022 saralash guruhidagi asosiy raqibi Saudiya Arabistoni karantin vaqtida ham mashg‘ulot o‘tkazgan. Bu haqda O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov Tribuna.uz va Kun.uz saytlari tashkil etgan «FootWeek» ko‘rsatuvida aytdi.
«OFK JCh-2022 saralash o‘yinlari qachon o‘tkazilishini e'lon qildi. Eng avval keyingi bosqich yo‘llanmasini hal qilishimiz kerak. Saudiya bilan o‘yinimiz juda issiq vaqtda o‘tishi kerak edi va endi bunday bo‘lmasligi haqida aytishmoqda. Ammo kuzda ham, yozda ham bizga qarshi o‘sha yigitlar o‘ynaydi. Yozda ularga ham oson bo‘lmasdi-ku, to‘g‘rimi?
Yomon tomoni shundaki, biz uzoq vaqt mashg‘ulot o‘tkazmadik. Saudiya esa mendagi ma'lumotlarga ko‘ra, karantin vaqtida ham sharoitini qilib mashg‘ulot o‘tkazgan. Yo‘q, men oldindan bahona tayyorlab qo‘ymayapman. Biz ham qarab turmaymiz, tayyorgarlik ko‘ramiz», degan Vadim Abramov.
Ma'lumot uchun, O‘zbekiston JCh-2022 saralashining «D» guruhidan o‘rin olgan va hozircha 5 o‘yindan so‘ng 9 ochko to‘plagan holda guruhda yetakchilik qilmoqda. Ikkinchi o‘rindagi Saudiya Arabistoni bitta o‘yin kam o‘tkazgan holda 8 ochko bilan ikkinchi bo‘lib turibdi. Saudiya 8 oktabr kuni o‘z maydonida Yamanga qarshi o‘ynaydi va bu o‘yindagi g‘alaba orqali guruh yetakchisiga aylanishi mumkin, chunki shu kuni O‘zbekiston o‘yin o‘tkazmaydi.
Karantin sabab qoldirilgan o‘yinlarni O‘zbekiston 13 oktabr (Yaman bilan mehmonda), 12 noyabr (Singapur bilan uyda) va 17 noyabr kuni (Saudiya bilan mehmonda) o‘tkazadi. Guruh yetakchilari Saudiya va O‘zbekistonning Toshkentda o‘tgan birinchi davra o‘yinida saudiyaliklar 3:2 hisobida g‘alaba qozongan.
JCh-2022 Osiyo saralashining ikkinchi raundidan hal qiluvchi bosqichga 8ta guruhning g‘oliblari va 4ta eng yaxshi ko‘rsatkich qayd etgan 2-o‘rindagi jamoalar yo‘l oladi.
Mavzuga oid
17:32 / 28.07.2023
«Ispaniyada aniq o‘ynab ketardi». Abramov Fayzullayev Rossiya chempionatiga o‘tayotgani haqida
21:59 / 27.11.2022
Xitoyda koronavirus cheklovlariga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda
00:22 / 26.11.2022
Pekinda koronavirus avj olgani tufayli yangi cheklovlar kiritilmoqda
22:24 / 07.11.2022