O‘zbekiston | 19:23 / 10.06.2020
5629
2 daqiqa o‘qiladi

Pandemiya davrida o‘qishini ko‘chira olmaganlar uchun qanday imkoniyat yaratilgan?

10 iyun kuni AOKA huzuridagi shtabda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bo‘lim boshlig‘i Abdusamad Mamanazarov ishtirokida o‘tgan brifingda sohaga oid ko‘plab savollarga oydinlik kiritildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘qishni ko‘chirish uchun  2020 yilning 15 iyulidan 5 avgustiga qadar hujjatlar qabul qilinadi. Hujjatlarni onlayn tarzda topshirish imkoniyati yaratiladi. 6 avgustdan 30 avgustga qadar arizalar ko‘rib chiqilib, qaror qabul qilinadi. Karantin tadbirlari sababli o‘qishni ko‘chirish jarayonlari muddatlarida o‘zgarishlar bo‘lganda vazirlikning rasmiy sayti (www.edu.uz) va telegram-kanali (@eduuz) orqali e'lon beriladi.

Brifingda akademik litseylarga hujjat topshirish qanday amalga oshirilishi haqidagi savolga ham javob berildi.

“2020-2021 o‘quv yili uchun umumta'lim maktablarining 9-sinf bitiruvchi o‘quvchilarining hujjatlarini akademik litseylarda onlayn ro‘yxatga olish joriy yil 10 iyundan boshlanadi.

Akademik litseylarda hujjatlarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha ma'lumotlar bilan vazirlikning @eduuz rasmiy telegram kanalida joylashtirilgan havola orqali batafsil tanishishingiz mumkin.

Ushbu havola orqali o‘quvchilar o‘zlari tanlagan yo‘nalishlar bo‘yicha hujjatlarini 10 iyundan 30 iyunga qadar ro‘yxatdan o‘tkazishadi”, - dedi Abdusamad Mamanazarov.

Mavzuga oid