O‘zbekiston | 20:10 / 12.06.2020
43600
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zim ham 15 yil ijarada yashaganman» – Prezident Talabalar shaharchasida olimlar uchun qurilgan uylarni borib ko‘rdi

Shavkat Mirziyoyev Talabalar shaharchasida olim va pedagoglar uchun bunyod etilgan uylardagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, xonadon egalari bilan suhbatlashdi.

Bundan bir yil oldin, 2019 yil 24 may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Milliy universitetida oliy ta'lim va ilm-fan namoyandalari bilan uchrashgan edi. Olim va pedagoglarning ijtimoiy sharoitlarini yaxshilash masalalariga alohida e'tibor qaratib, ular uchun ko‘p qavatli uylar qurish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi.

Shunga muvofiq, Toshkentdagi Talabalar shaharchasi hududida 6ta 9 qavatli turar joy bunyod etildi. 216ta xonadon jihozlangan holda foydalanishga topshirildi. Devorlari energiya tejovchi materiallar bilan qoplangan. Xonadonlarga alohida isitish moslamalari o‘rnatilgan. Hovlilarida bolalar va sport maydonchalari, avtoturargohlar tashkil etilgan.

Davlat rahbari Olmazor tumaniga tashrifi doirasida mazkur uylarda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, xonadon egalari bilan suhbatlashdi.

«Sizlarni, sizlar orqali bu yerda yashaydigan barcha oilalarni tabriklayman, mana shu shinam, zamonaviy uylar muborak bo‘lsin! O‘zim ham qishloqdan kelib, 15 yil ijarada yashagan odam sifatida bu narsaning qadrini juda yaxshi his qilaman.

Biz olim va pedagoglardan natija kutardigu, sharoitini so‘ramasdik. Sizlarni ham rozi qiladigan vaqt-soat keldi. Ilmli odamlar – mamlakatimizning oltin fondi. Ularning qo‘lida kelajagimiz bo‘lgan bolalarimiz tarbiyalanadi. O‘qituvchilar uyli bo‘lib, oilasidan ko‘ngli to‘q bo‘lsa, kasbiga mehr bilan, Vatanga sadoqat bilan ishlaydi. Bu uylar sizlarga buyursin, shu yerda to‘ylar qilinglar. Farzandlaringiz, nevaralaringiz ota-onam ilmni tanlab kam bo‘lmadi, deb yursin», deya niyat bildirdi prezident.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid