Jamiyat | 00:05 / 12.06.2020
5321
3 daqiqa o‘qiladi

«Shaffof va anonim»: TDYuUda barcha jarayonlar elektron shaklga o‘tishi e'lon qilindi

2020 yil 1 sentyabrdan boshlab Toshkent davlat yuridik universiteti elektron formatga o‘tadi – universitetda barcha jarayonlar elektron ko‘rinishda amalga oshiriladi. Bu haqda «O‘zbekistonning yangi yuridik ta'limi: kadrlar tayyorlashda yangicha yondashuv» mavzusidagi matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

TDYuU rektori Rahim Hakimovning so‘zlariga ko‘ra, elektron universitet loyihasi Jahon bankining 140 ming dollar miqdoridagi grant mablag‘i asosida amalga oshirilmoqda.

«Elektron universitet platformasi asosida ta'lim muassasasidagi barcha jarayonlar elektronlashtiriladi. Talabalarning davomati, o‘qituvchilarning keldi-ketdisi, o‘quv jarayonlari, imtihonlar, o‘qish bilan bog‘liq ma'lumotnomalar olish, hujjat aylanish jarayonlari – barchasi elektron tizimga o‘tkaziladi.

Bu tizim turli suiiste'mollik holatlarini, o‘qituvchi-talaba, o‘qituvchi-dekan orasidagi ortiqcha kontaktlarni bartaraf etadi», deya Hakimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Rahim Hakimov / Arxiv foto: KUN.UZ

Elektron universitet loyihasiga ko‘ra, har bir talaba, o‘qituvchi va xodimning o‘z login-paroli, shaxsiy kabineti bo‘ladi.

Talabalar shaxsiy kabinetda dars jadvali, kontrakt to‘lovidan qarzdorligi, davomati, qanday kamchiliklari borligi, fanlardagi o‘zlashtirish darajasi va baholari – o‘zi uchun kerakli barcha ma'lumotlarni ola oladi.

Shuningdek, bu platformada yagona darcha tamoyili asosida ishlaydigan talabalarga xizmat ko‘rsatish markazi mavjud.

«Talabaga biron ma'lumotnoma, hujjat kerak bo‘lsa, dekanat, kafedra eshigi oldida turishiga to‘g‘ri kelardi. Elektron universitet tizimida bu kabi amallarni elektron tarzda bajarish mumkin.

Imtihonlarda ham tizim avtomatik tarzda ishlaydi. Talabalar yozma ishlarni kompyuterda yozishadi. Buning uchun ham alohida kompyuterli auditoriyalar joriy qilinmoqda. Jarayon videotasmaga tushiriladi. Kompyuter ishlarni avtomatik ravishda parollaydi. Hech kimning aralashuvisiz unga identifikatsiya kodini beradi va o‘qituvchi qaysi talabaning ishini tekshirayotganini bilmaydi. Kompyuterning o‘zi har bir o‘qituvchiga ish yuklamasidan kelib chiqqan holda ishlarni taqsimlaydi.

O‘qituvchi tekshirgandan keyin javoblar avtomatik ravishda ham talabaga, ham dekanatlarga yetkaziladi. Ya'ni o‘qituvchi va talaba o‘rtasida kontaktga yo‘l qo‘yilmaydi. Barchasi shaffof va anonim», dedi Rahim Hakimov 11 iyun kungi brifingda.

Mavzuga oid