Jahon | 08:09 / 12.06.2020
9102
2 daqiqa o‘qiladi

Sobiq xodim juda zerikarli ish uchun kompaniyani sudga berib, 45 ming dollar undirib oldi

Fransiyalik Frederik Desnar Interparfums kompaniyasidan o‘ziga haddan tashqari kam ish berilganligi va shu fonda unda tushkunlik payda bo‘lgani uchun 45 ming dollar undirdi, deb yozadi New York Post.

Desnarning so‘zlariga ko‘ra, 2010 yilda u asosiy mijozini yo‘qotgan, shundan so‘ng uning vazifalari doirasi oddiy ish bilan cheklangan va bu oz vaqt talab qilgan.

«Men ertalab soat 9da kelamanmi yoki 10da kelamanmi, hammaga baribir edi. Men ofis anjomlarini sotib olishim kerak edi - bir necha varaq qog‘oz - shundan so‘ng ish kunim tugardi», - dedi Desnar sudda.

U o‘zini «bo‘sh» his qilganini va «qattiq tushkunlikdan» azob chekib kelganini tushuntirdi. «Men hech narsa qilmaganim uchun maosh olishdan uyaldim», - deya qo‘shimcha qildi u. Desnarning sobiq hamkasbi sudga u o‘z joniga qasd qilish haqida o‘ylaganini ham aytdi.

Desnar kompaniyada ishlagan 4 yilni «juda ham qiyin holat», deb atadi. Uning fikricha, stress va yangi vazifalarning yetishmasligi oxir-oqibat unda mashinani boshqarish paytida tutqanoq tutishiga olib kelgan.

U ishga borishni to‘xtatdi va 7 oydan so‘ng, 2014 yil sentabr oyida uzoq vaqt davomida ishga kelmaganligini uchun ishdan bo‘shatildi.

Asabiy holat va tushkunlik uchun kompensatsiya olish maqsadida 2016 yilda Desnar sudga murojaat qildi. Dastlab fransuz kompaniyadan 600 ming dollar talab qildi, ammo uning da'vosi qisman qondirildi.

Kompaniya vakillarining aytishicha, rahbariyat Desnarning muammolari haqida bilmagan - u hech qachon shikoyat yozmagan va o‘ziga qo‘shimcha vazifalar berishni so‘ramagan. 

Mavzuga oid