O‘zbekiston | 23:47 / 13.06.2020
16823
2 daqiqa o‘qiladi

Tursinxan Xudaybergenov va Qobul Berdiyev FVV akademiyasi bitiruvchilariga leytenant unvonini topshirishdi

13 iyun kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida bitiruvchi kursantlarga diplom va leytenant unvonini tantanali topshirish tadbiri o‘tkazildi.

Unda prezident maslahatchisi Favqulodda vaziyatlar vaziri v.b. general-leytenant Tursinxan Xudaybergenov, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari, akademiya professor-o‘qituvchilari, kursantlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Bitiruv marosimida general-leytenant Tursinxan Xudaybergenov hamda akademiya boshlig‘i general-polkovnik Qobul Berdiyev so‘zga chiqib, o‘z nutqlarida «Ta'lim to‘g‘risida»gi va «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi qonunlar yurtimizda oliy ma'lumotli mutaxassis kadrlarni yetuk, mas'uliyat va burchini chuqur his qiladigan hamda o‘z kasbini sevadigan, fidoyi insonlar qilib tarbiyalash uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berayotganini ta'kidladilar.

2019 yil 10 apreldagi «O‘zbekiston Respublikasida Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish hamda yong‘in xavfsizligini ta'minlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida»gi prezident farmoni bu borada soha uchun alohida ahamiyat kasb etishini aytish kerak.

Tadbir davomida bitiruvchilarga diplom va leytenant unvoni generallar tomonidan tantanali ravishda topshirildi. Yosh ofitser uchun general qo‘lidan unvon olish katta ishonch va faxr hisoblanadi. Bu ularning hayotida oltin sahifa bo‘lib qoladi.

O‘z o‘rnida yosh ofitserlarimizni bitiruv ayyomi bilan qizg‘in qutlab, ofitserlik diplomi va leytenant unvoni muborak bo‘lsin, deb qolamiz.

FVV akademiyasi matbuot xizmati

Mavzuga oid