Muhokamalarga «Ishonch» gazetasida chop etilgan «Jamiyatga «Zulfiya»chi qizlar kerakmi?» nomli maqola turtki bo‘lib, unda davlat mukofotiga sazovor bo‘lish uchun pulga she'r yozdirish holatlari kuzatilayotgani aytib o‘tilgan.           

«Mukofotga da'vogarlarning barcha harakatlari – ijod ham, qo‘lga kiritilishi niyat qilingan yutuqlar ham «Zulfiyachi» degan maqomga erishish, mukofot ortidagi imtiyozga yetishishga qaratilganday. Hatto bu yo‘lda nomdorroq ijodkorlarga bitta kitobchaga yetgulik – 30-40ta she'r yozib berish evaziga yaxshigina mablag‘ taklif qilgan nomzodlar ham quloqqa chalinib turadi», deyiladi maqolada.

«Zulfiya» nomidagi davlat mukofoti uchun nomzodlarning saralash jarayoniga nisbatan norozilik kayfiyati kecha yoki bugun ko‘tarilayotgan mavzu emas. Avvalroq Kun.uz saytida «E'tirozlar va yana e'tirozlar: «Zulfiya» tanloviga ochiqlik prinsipi begonami?» sarlavhasi ostida maqola e'lon qilingan bo‘lib, unda jamoatchilik faollarining mazkur davlat mukofotining berilish tartibi, laureatlarga berilayotgan imtiyozlar masalasi atrofidagi e'tiroz va takliflari keltirib o‘tilgan.

Maqoladan so‘ng davlat mukofoti uchun nomzodlarni saralashda asosiy ijrochi bo‘lgan Xotin-qizlar qo‘mitasida mazkur e'tirozlar bo‘yicha qo‘mitaning sobiq raisi Tanzila Norboyeva boshchiligida tor doirada muhokama o‘tkazilgan, davlat mukofotini berish tartibini tamomila qayta ko‘rib chiqish va tashkillashtirishga kelishilgan edi.

«Tanlovning o‘tkazilish tartibi xalqda noroziliklarni keltirib chiqaryaptimi, chindan ham ordenni qo‘lga kiritgandan keyin laureatlarni yo‘qotib qo‘yyapmizmi, demak, mukofot uchun nomzodlarni saralash tartibini jiddiy asosda ko‘rib chiqishimiz lozim», – degan edi Tanzila Norboyeva.

Bu masala 2019 yilning iyul oyida ko‘tarilgan bo‘lsa-da, 2020 yilgi taqdirlash marosimi uchun o‘tkazilgan tanlov ham eski ssenariylar asosida o‘tkazildi. Saralashning respublika bosqichi videokuzatuv ostida o‘tkazilgani, taqdirlash marosimidan oldin barcha nomzodlar ishtirokidagi ochiq forumni aytmagan-da, saralash tartibida o‘zgarish bo‘lgani yo‘q.

Tabiiyki, bu yil ham an'anaviy taqdirlash marosimi – 8 martdan keyin yana e'tirozlar kuzatildi, mana bugun e'tirozlar to‘lqini yana harakatga kelishi uchun birgina uchqun yetarli bo‘lmoqda.