Tramp ketadimi? Namoyishlar va epidemiya saylovga qanday ta'sir ko‘rsatadi?
Iyun oyi boshida bir vaqtda bir necha ijtimoiy xizmatlar Donald Trampning koronavirus epidemiyasi va mamlakatni qamragan namoyishlar davridagi harakatlari uning reytingi keskin qulashiga sabab bo‘lgani haqida ma'lum qildi.

Foto: Reuters
Gallup tadqiqot xizmatining 4 iyun kuni e'lon qilingan o‘rganishlari natijalari Oq uy uchun syurpriz bo‘ldi. Sotsiologlarning fikricha, bir oy ichida prezidentning reytingi 10 punktga qulagan - bugungi kunda uning faoliyatini amerikaliklarning 39 foizigina ma'qullamoqda. Bunday natijaga Oq uy rahbarining koronavirus epidemiyasi vaqtidagi harakatlari va mamlakatdagi iqtisodiy ahvol sabab bo‘lmoqda.
Ikki kun o‘tib Reuters nashrida e'lon qilingan tadqiqot natijalariga ko‘ra esa, Trampning ommaviy namoyishlar vaqtidagi qarorlarini aholining 33 foizigina qo‘llashi ma'lum bo‘ldi. So‘ralganlarning 57 foizi uni adekvat emas deb hisoblashmoqda.
ABC-Washington Post, Monmouth, Quinnipiac va hatto Trampga moyil bo‘lgan Fox News telekanali o‘tkazgan tadqiqotlar natijalari ham shunga o‘xshash.
Prezidentlik saylovida ovoz berishga 5 oy vaqt qolgan kunlarda saylovooldi reytingi keskin qulashi AQSh prezidentini jiddiy tashvishga solgan ko‘rinadi. O‘tgan haftada Trampning saylovoldi shtabi uy oylik tanaffusdan keyin Oq uy rahbari tarafdorlarining ommaviy aksiyalari tiklangani haqida ma'lum qildi.
Bu tashabbus esa Qo‘shma Shtatlarda yangi siyosiy mojaroga turtki berdi.
Juneteenth nima degani?

O‘tgan haftaning chorshanbasida Trampning saylovoldi shtabi 19 iyun kuni Oklahomadagi Tulsa shahrida joylashgan stadionda prezident tarafdorlarining ilk ommaviy mitingi o‘tkazilishi haqida e'lon qildi. Stadion qariyb 19 ming kishini sig‘dira oladi, shtabdagilar bu orqali epidemiya sharoitida ommaviy mitinglar o‘tkazmaslik haqidagi ogohlantirishlarni inkor qilmoqda.
Aksiyaning rasmiy saytida e'lon qilingan qisqa xabarda, Trampni shaxsan qo‘llab-quvvatlash uchun kelmoqchi bo‘lganlar miting vaqtida koronavirusdan zararlangudek bo‘lishsa, prezident shtabidan tovon puli talab qilmasligi va sudga murojaat qilmasligi haqida ariza yozishi kerakligi aytilgan.
Avvaliga bu xabar ijtimoiy tarmoqlarda oddiy istehzoli sharhlarga sabab bo‘ldi. Ko‘p o‘tmasdan miting o‘tkaziladigan joy sifatida aynan Tulsa tanlangani va miting o‘tkaziladigan kun sifatida aynan 19 iyun belgilangani mamlakatda haqiqiy noroziliklar to‘lqinini keltirib chiqardi
Gap shundaki, bu kunda ko‘pchilik shtatlar Juneteenth nomidagi bayramni nishonlashadi. 1865 yilning 19 iyunida, AQShda qullik bekor qilinishi haqidagi farmon imzolanganidan ikki yil o‘tib Texas shtatida so‘nggi qora tanli qullikdan ozod etilgan, shuning uchun bu kun Amerikada afroamerikaliklar uchun alohida kunga aylangan.
Mamlakatda afroamerikalik Jorj Floydning politsiya tomonidan o‘ldirilishi voqeasidan keyin boshlangan keng ko‘lamli namoyishlar davom etayotgan mahalda Trampning mitingni o‘tkazish uchun tanlagan joyi bo‘yicha ham savollar tug‘ilmoqda.
Aynan Tulsada 1921 yilning may oyi oxirida afroamerikaliklarga qarshi talonchilik va qirg‘in o‘tkazilgan, natijada 300dan ortiq afroamerikalik o‘ldirilib, ularga tegishli bo‘lgan 1200dan ortiq binolar vayron etilgan. Har yili 31 may kuni aynan shu shaharda ushbu voqea xotirlanadi, Tulsa Race Massacre nomini olgan bu qirg‘in AQShning yangi tarixidagi eng yirik irqchilik ruhidagi ommaviy qotillik hisoblanadi.
O‘tgan haftaning juma kunida Fox News telekanaliga bergan intervyusida Tramp bu voqea haqida bilishini tan oldi, ammo bu kun afroamerikaliklar uchun alohida kunligi uchungina o‘zining saylovoldi mitingini keyinroqqa qoldirmoqchimasligini ma'lum qildi.

Bunga javoban kongressdagi demokratlar Trampning irqchilik ruhidagi qarashlari haqida eslatishdi.
«Bu shunchaki oq tanlilar ustunligi tarafdorlari tomon ko‘z qisib qo‘yish emas - u (Tramp) ularga bayram uyushtirib bermoqchi», deya yozgan tvitterda senator Kamala Harris.
«Tulsa Amerika tarixida irqchilik ruhidagi eng yirik zo‘ravonlik jinoyati sodir bo‘lgan joy. Prezidentning bu yerda Juneteenth kunida chiqish qilishi - har bir amerikalik qora tanliga siyosat o‘zgarmasligini uqtiruvchi nomadir», deya unga qo‘shiladi kongressning yana bir a'zosi Vel Demings.
Savdo palatasining Tulsadagi hududiy bo‘limi rahbari Cherri Gembl Smit esa prezidentning bu niyatini shahardagi afroamerikaliklar yuziga «tarsaki» tushirish deb atadi.
Ayrim nashrlarda shahar rasmiylari prezident ma'muriyatidan rejalashtirilgan marosimni bir kun keyinga surishni so‘ragani, ammo Oq uydagilar bu so‘rovga rad javobi qaytargani haqida xabarlar tarqaldi.
Keyinroq, juma kuni kechqurun Donald Tramp tvitterdagi sahifasida «ko‘plab afroamerikalik do‘stlari va tarafdorlari» so‘rashgani uchun mitingni 20 iyunga ko‘chirishga tayyorligi haqida yozdi.
Trampning reytingi nega quladi?
Qo‘shma Shtatlar Covid-19 epidemiyasi bilan to‘qnashgan kunlarda mamlakat rahbari yangi virus aholiga jiddiy tahdid sololmasligi haqida gapirishda davom etdi. Qariyb ikki yarim oy - yanvar oyi boshidan mart oyi o‘rtalarigacha - Tramp virus issiq kunlar boshlanishi bilan yo‘q bo‘lib ketishi haqida takrorladi va epidemiyani «demokratlar fitnasi» va xitoyliklar diversiyasi deb atadi.
Muxolifatchilar Oq uy rahbari 2018 yilda avvalgi prezident Barak Obama tomonidan shu kabi halokatli vaziyatlar uchun tuzilgan epidemiologik xizmatini tarqatib yuborganini eslab qolishdi, ammo Tramp har qanday e'tirozlarni qat'iyan rad etdi.

Hatto AQShda o‘limlar soni 100 mingdan oshganida ham Tramp e'tiborini bu masalaga qaratishni istamadi, xalqqa murojaat bilan chiqmadi, faqatgina tvitterdagi sahifasida koronavirus qurbonlari uchun ularning oilalariga hamdardlik bildirish bilan cheklandi.
Uning mojaroli bayonotlari, xususan, bemorlarni quyosh nuri va xlorlar bilan davolash haqidagi taklifidan keyin Oq uyda koronavirus mavzusida kunlik brifinglar o‘tkazilishi to‘xtatildi.
Bu vaqtda prezidentning reytingi uzluksiz ravishda pasayib bordi, o‘z navbatida uning saylovdagi raqibi Jo Baydenni qo‘llab-quvvatlovchilar soni muttasil oshmoqda. May oxiridayoq barcha sotsiologik xizmatlar Demokratik partiya nomzodi Trampni qariyb o‘n punktga ortda qoldirayotganini ko‘rsatayotgandi. CNN o‘tkazgan so‘nggi tadqiqotga ko‘ra esa oradagi farq 14 punktga yetgan.
Minneapolisdagi fojia esa Donald Trampga yana bir imkon taqdim etgandek edi.
Jorj Floydning o‘limi haqidagi ilk xabar paydo bo‘lishi bilanoq Tramp bu hodisani qattiq qoralagan va Federal tergov byurosi hamda adliya vazirligiga zudlik bilan ishni tekshirishni boshlash bo‘yicha ko‘rsatma bergandi.

Prezident o‘zini namoyishkorona xotirjam tutishi uzoq davom etmadi. Minneapolisda ommaviy namoyishlar boshlangach, Tramp tvitterdagi sahifasida namoyishchilarni «banditlar» deb atadi, shahar merini «juda kuchsiz, so‘l radikal»ligi uchun tanqid qildi va «talonchilik boshlansa, namoyishchilarni otish ham boshlanishi» bilan tahdid qildi.
Trampning bayonotlari ijtimoiy tarmoqda katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Tvitter tarixida davlat rahbarining tvitlari ilk marta yashirib qo‘yildi, tvitter ma'muriyati buni Tramp «zo‘ravonlik ruhidagi tvitlar yozayotgani» bilan izohladi.
Keyingi kunda Oq uy hovlisida chiqish qilgan Tramp Jorj Floyd va namoyishlar haqida bir og‘iz so‘z demadi. Buning o‘rniga u o‘z bayonotini AQShning Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotidan chiqishi mavzusiga bag‘ishlab, JSSTni epidemiya tarqalib ketishida yana bir bor ayblab o‘tdi.
Keyinroq Oq uy atrofida namoyishchilar paydo bo‘lgach Tramp bunkerga yashirinishga majbur bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Ikki kun o‘tib prezident Avliyo Ioann cherkovi oldida suratga tushishga borishi uchun politsiya prezident qarorgohi atrofini rezina o‘qlar va ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘llagan holda namoyishchilardan tozaladi.

Omma oldida chiqishi vaqtida Tramp o‘zini «qonun va tartib prezidenti» deb atadi hamda namoyishchilarning talablari haqida eslamasdan, namoyishlar vaqtida yetkazilgan moddiy zarar haqida gapirishni afzal ko‘rdi.
Hafta boshida politsiyachilar bilan uchrashuv chog‘ida u huquq-tartibot organlari xodimlarini «ajoyib odamlar» deb atadi hamda Jorj Floyd politsiyachi qo‘lida halok bo‘lganini «qo‘rqinchli voqea» sifatida qayd etdi.
«Ammo 99,9 foiz... (politsiyachilar - Bi-bi-si) - ajoyib, ular ajoyib odamlar», degan u.
Aslida esa politsiya islohotini talab qilib ommaviy namoyishlarga chiqayotgan amerikalik saylovchilar boshqacha so‘zlarni eshitishni istashadi.
Sobiq vitse-prezident Jo Bayden esa Delaver shtatining Vilmington shahridagi chiqishi vaqtida tenglik huquqi uchun kurashuvchilar hurmatiga tiz cho‘kdi. Shundan so‘ng u irqchilikni Amerika qalbidagi «ochiq jarohat» deb atadi.
«Hech birimiz bundan qocha olmaymiz. Hech birimiz bu haqda jim tura olmaymiz», degan u.
Sobiq prezident Barak Obama ham chiqish qilib, shu vaqtgacha «millionlab amerikaliklar o‘z terisi rangi tufayli o‘zgacha munosabat his qilib yashagani» haqida gapirdi.
Respublikachilar nima uchun Trampni qo‘llashni istashmayapti?
AQShda davom etayotgan namoyishlar, aftidan, Respublikachilar partiyasini ham parchalagan. Hafta boshida bir qancha nufuzli respublikachi-senatorlar prezidentning navbatdagi tvitlaridan darg‘azab bo‘lganliklari haqida ochiq aytib chiqishdi. Seshanba kuni Tramp Buffalo shahridagi tinch namoyish vaqtida politsiya bilan to‘qnashuv oqibatida jarohatlangani aytilgan 75 yoshli namoyishchi haqida fikr bildirib, bu hodisa sahnalashtirilgani, bu qariya aslida ANTIFA harakati (maqsadini fashizmga qarshi kurash deb atagan xalqaro harakat bo‘lib, u so‘l radikal partiyalar va tashkilotlarni, turli avtonom guruhlarni, shuningdek, neonatsizm va irqchilikka qarshi kurashuvchi jamoat tashkilotlarini birlashtiradi. Tramp bu tashkilotni terrorchi tashkilot deb atagan) a'zosi ekani haqida gapirdi.
Tramp uning ma'muriyati Konfederatsiya harbiy generallari sharafiga nomlangan harbiy bazalar nomlarini o‘zgartirishni «xayolining bir chekkasiga ham keltirmayotgani» haqida ma'lum qilganidan bir kun o‘tib, Senatning respublikachilar tomonidan boshqariladigan qurolli kuchlar ishi bo‘yicha qo‘mitasi ortiqcha shovqinsiz Pentagondan uch yil ichida barcha harbiy obektlardan bu nomlarni o‘zgartirishni talab qildi.
AQShdagi taniqli respublikachi siyosatchilarning bir guruhi Trampning qayta saylanishi tarafdori emasligini ochiq bayon qilishdi. Bular qatorida - sobiq prezident, kichik Jord Bush, senator Mitt Romni, AQSh sobiq davlat kotibi Kolin Pauell ham bor. New York Times nashriga bergan intervyusida alyaskalik senator Lisa Murkovski hozirda Trampning qayta saylanishi uchun ovoz berish masalasida ikkilanayotganini aytib o‘tgan.
Shuningdek, Pentagon rahbariyati vakillari ham prezident bilan hamfikr emas. Payshanba kuni AQSh Qurolli kuchlari shtab boshlig‘i qo‘mitasi rahbari general Mark Milli prezident suratga tushishi uchun namoyishchilar kuch ishlatib quvilganini qoraladi. Mudofaa vaziri Mark Esper esa prezidentning namoyishlarni bostirish uchun harbiylar jo‘natilishi kerakligi haqidagi so‘zlarini nojo‘ya deb atadi.

Pentagonning sobiq rahbari, general Jyeyms Mettis esa Atlantic jurnalida e'lon qilingan maqolasida Trampning ommaviy namoyishlar vaqtidagi bayonotlarini mamlakat Konstitutsiyasiga zid deb atadi
«Biz hokimiyatda turib Konstitutsiyasini mazax qilayotgan odamni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortishimiz va uni javobgarlikka tortishimiz kerak», degan Pentagonning sobiq rahbari.
Tramp esa Mettisning so‘zlarini e'tiborsiz qoldirmadi.
«Menga uning yetakchilik uslubi yoqmagandi, shu jumladan boshqalarga ham. Men u ketganidan xursandman», deya yozdi AQSh prezidenti tvitterida.
Tavsiya etamiz
Tahdid va tarix haqida va’z: Istanbul muzokaralarida nimalar deyishdi?
Jahon | 13:33 / 17.05.2025
Haydovchilar uchun qator yengilliklar e’lon qilindi
O‘zbekiston | 18:04 / 16.05.2025
Shaharlarda yo‘l ta’mirlash ishlari faqat tunda amalga oshiriladi
O‘zbekiston | 17:20 / 16.05.2025
Kameralar yo‘l chizig‘ini bosganlik uchun jarima yozmaydigan bo‘ldi
O‘zbekiston | 16:46 / 16.05.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Namanganda bir sutkada 2 mingdan ortiq yo‘l harakati qoidabuzarligi aniqlandi
Jamiyat | 20:16
-
Patriot va HIMARS uchun raketalarni Yevropada ishlab chiqarish boshlanadi
Jahon | 20:14
-
Hindistonda yuz bergan yong‘in oqibatida kamida 17 kishi halok bo‘ldi
Jahon | 19:31
-
«Cho‘ksang kattaroq dengizda cho‘k». Gulerning onasi, Madriddagi sarguzashtlari va zilziladan omon qolgan muxlisi haqidagi hikoyasi
Sport | 19:12
Mavzuga oid

17:19 / 07.05.2025
«Putin to‘xtaydi» deb o‘ylaydiganlar shunchaki ahmoq – Bayden

16:36 / 17.04.2025
«Bu yigit bolta olib chopyapti» – Bayden prezidentlikdan ketgach ilk marta chiqish qildi

21:18 / 16.04.2025
Tramp o‘zini tanqid qilgan Baydenga javob qaytardi

16:50 / 16.04.2025