23:59 / 16.06.2020
61241

Bugun 4 hududda aholi orasida yangi holatlar qayd etildi

16 iyun kuni O‘zbekistonda 230ta yangi zararlanish holati tasdiqlandi (jami 5493 holat) va 77 nafar bemor sog‘aydi. Shu vaqtgacha 4096 bemorga javob berilgan, 19 kishi vafot etgan, shifoxonalarda 1378 nafar bemor davolanmoqda.

Bugun 7 hududda - Toshkent shahri, Buxoro, Sirdaryo, Samarqand, Namangan, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida yangi holatlar qayd etildi. SSV matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev telegramdagi kanalida bemorlar qayd etilishi va sog‘ayishi bo‘yicha ko‘rsatkichlar jadvalini keltirdi.

Bugungi 230 holatdan 196tasi karantin muassasalarida, 20tasi aholi orasida aniqlangan, xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari bo‘lgan 14 kishiga ham virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Aholi orasida (+20)
Aholi orasida eng ko‘p holat Toshkent shahrida qayd etildi - 14 kishi.

SSV ma'lumotiga ko‘ra, Toshkent shahrida so‘nggi kunlarda Olmazor, Sergeli, Shayxontohur, Chilonzor va Uchtepa tumanlarida aholi orasida yangi holatlar aniqlangan. Jumladan, «Chorsu» buyum bozori sotuvchisiga, «Smart haus» xususiy qurilish firmasi dasturlovchisiga, «Poytaxt» savdo majmuasi kiyim do‘koni sotuvchisiga, Sergelida qurilayotgan ko‘p qavatli uylarning loyiha boshqaruvchisiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Toshkent shahri so‘nggi 2 haftada aholi orasida eng ko‘p kasallanish holati qayd etilgan hudud bo‘lib qolmoqda - 496 holat, shundan 60dan ortig‘ining manbasi ma'lum emas. Poytaxtda iyun oyida faqat 3 iyun kuni aholi orasida birorta holat qayd etilmagan.

Buxoro viloyatida aholi orasida 3 kishida virus aniqlangan, viloyatda jami holatlar soni 500ga yaqinlashmoqda, ayni vaqtda 19 bemor davolanishda.

Shuningdek, Samarqand viloyatida 2, Namangan viloyatida 1 holat aholi orasida qayd etilgan. Bu hududlarda mos ravishda 22 va 21 nafardan bemor davolanmoqda.

Karantin (+196)
Xorijdan kelgach Toshkent viloyatidagi O‘rtasaroy karantin markaziga joylashtirilgan fuqarolar orasida 60 holat aniqlandi.

Toshkent shahrida koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan 27 kishida virus chiqqan.

Bugun Qashqadaryo viloyatida karantinga olinganlar orasida 104 kishida koronavirus aniqlandi. Viloyatda 1 sutka oldin kasallanganlar soni 57 nafar edi, endi esa 161 nafarga yetdi. Shu tariqa Qashqadaryoda kasallanganlar soni bir sutka ichida qariyb 3 baravar ko‘paydi.

Shuningdek, Namangan viloyatida 4 nafar, Buxoro viloyatida 1 nafar karantindagi fuqarolarda virus aniqlangan.

Haydovchilar (+14)
Toshkent viloyatida 9 nafar, Sirdayo viloyatida 5 nafar xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilarining barchasiga Toshkent viloyati hududida tashxis qo‘yilgan.

Tuzalganlar (+77)
Bugun Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida jami 77 bemorga javob berildi va O‘zbekistonda shu vaqtgacha kasallikdan sog‘ayib chiqqanlar soni 4096 nafarga yetdi.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 1378 nafar bemordan 13 nafari og‘ir ahvolda.

Hozirda mamlakatimizda uy karantinida 29 378 nafar, statsionar karantinda esa 21 365 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top