Light | 16:44 / 16.06.2020
48270
3 daqiqa o‘qiladi

O‘qiganni qanday eslab qolish mumkin?

Mutolaa foydali, unda olingan ma'lumotlar xotirada saqlab qolinsa va amalda ish bersa, ikki karra foydali.

Ammo o‘qilgan (ayniqsa, ilmiy-ommabop, non-fikshn yo‘nalishdagi) kitobni o‘qiganda ma'lumotlarni eslab qolish qiyin. Bu parishonxotirlik emas, tabiiy jarayon. Mutolaa xotirada saqlanishi uchun bir necha usullardan foydalanish mumkin.

Bevosita mutolaa jarayonida

Mutolaaning har 20 daqiqasidan keyin pauza qilgan holda «o‘qiganimdan nimalarni tushundim?» degan savolga javob berish kerak. Eng muhim nuqtalarni xayoldan o‘tkazish, imkoni bo‘lsa, kitob chetiga belgi qo‘yish mumkin.

Nega aynan 20 daqiqada? Nemis psixologi German Ebbingauz inson xotirasining ma'lumotlarni saqlab qolish jarayonini tadqiq qilgan. Tadqiqotga ko‘ra, inson qabul qilingan ma'lumotining 40 foizini birinchi 20 daqiqada, 60 foizini 1 soatda unutadi. Bir sutkadan keyin esa ma'lumotning faqatgina 33-35 foizi saqlab qolinadi.

Olingan ma'lumot birinchi 20 daqiqada qayta ishlanmasa, bu ma'lumot xotirada saqlab qolinmasligi ehtimoli yuqori.

Ma'lumot xotirada yaxshiroq muhrlanishi uchun qayta o‘qish emas, qayta so‘zlab berish samaraliroq ekani tadqiqotlarda isbotlangan. Chunki gapirib berish chog‘ida miya ma'lumotni boshqa holat/ma'lumotlar bilan assotsiatsiya qilishga urinadi. Uni shunchaki qabul qilmaydi, balki qayta ishlaydi.

Mutolaaning birinchi kunini yakunlagach, o‘qilgan ma'lumotning eng muhim nuqtalarini yozib chiqing. Bu quruq konspekt shaklida emas, intellektual xarita tarzida bo‘lsa, qulayroq va qiziqarliroq bo‘ladi.

Xotirada muhrlash kerak bo‘lgan ma'lumotni kechqurun uyqudan avval takrorlash ham foydali. Uyqudan avval qabul qilingan ma'lumotni miya yaxshi eslab qoladi.

Mutolaaning keyingi kunlari

Bunda seriallarda qo‘llaniladigan algoritmdan foydalanish mumkin. Ya'ni serialning yangi seriyasini boshlashdan avval kechagi seriyada nima bo‘lgani qisqa lavhalar bilan ko‘rsatib o‘tiladi.

Yangi kunda mutolaani davom ettirishdan avval kecha o‘qilgan ma'lumotni bir xotirlab olish kerak. Buning uchun qo‘yilgan belgilarga, bo‘limlar nomiga ko‘z yugurtirish foyda berishi mumkin.

Mutolaa yakunlangach

O‘qib qabul qiliingan ma'lumotni amaliyotda qo‘llashni tezroq boshlash kerak.

Ularni amalda qo‘llash imkoni bo‘lmasa-yu, ma'lumotni saqlab qolish muhim bo‘lsa, muayyan intervallar bilan kitobni qo‘lga olib takrorlab turish foydadan xoli bo‘lmaydi.

Mavzuga oid