Suv keldi - fotosuratga tushirilib vazirga ko‘rsatildi - suv o‘chdi. Nishondan yana murojaat
Kun.uz Nishon tumani Baynalmilal mahallasi murojaatiga asosan, tumanda aholiga toza ichimlik suvi yetkazib berish bilan bog‘liq muammoni o‘rganib, e'lon qilgandi.
Buni qarangki, holat saytda yoritilgach, tez orada Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi vaziyatga e'tibor qaratdi.
Axborot xizmati taqdim etgan ma'lumotda shaxsan soha vaziri Muzaffar Saliyev muammoni nazoratga olgani aytilgan edi.
Shuningdek, 5 iyundan boshlab «Baynalmilal» MFYga qarashli aholi punktlariga ichimlik suvi yetkazilishi yo‘lga qo‘yildi, deya xabar berilgandi.
Bu rost. Haqiqatan ham axborot xizmati taqdim etgan video va suratlarda o‘sha hududga obihayot yetib borgani aks etgandi. Buni murojaatchilarning o‘zi mamnuniyat bilan tasdiqlashgandi.
Odatda bunaqasi kamdan kam holatda kuzatiladi. Ya'ni birgina vazirning nazari bilan minglab odamlarning muammosi hal bo‘ldi, deb o‘ylagandik.
Baynalmilal mahallasiga 5-6 kun davomida ichimlik suvi borib turdi. Aslida bu suv hali iste'molga yaroqsiz, ya'ni yillar davomida oqmagani uchun ham loyqa edi. Odamlar shunga ham xursand, bir hafta-o‘n kunda suv tinib ketishiga umid bog‘lashdi. Ammo mana, qariyb bir haftaki, erta quvongan fuqarolarning tarvuzi qo‘ltig‘idan tushdi: suv yo‘q.
Odamlar yana umidsizlikka berilgan. Hech kim fuqarolarga buning sababini tushuntirmayapti, vaziyatni izohlamayapti.
Biz dastlab murojaatchilarni eshitganimizda: «Nega bizni aldashadi? Qandaydir bayram munosabati bilan yoki deputatlar saylanadigan kunda, atigi ikki marta suv berishgandi. Toza suv iste'mol qilishga haqqimiz yo‘qmi?» deyishgandi.
Anglashiladiki, muammoga e'tibor qaratgan vazirning nigohi Nishonga aslida yetib bormagan ko‘rinadi. Yoki bir marta, zo‘rma-zo‘raki yetkazib berilgan ichimlik suv surati bilan vazirga yolg‘on axborot yetkazilgan.
Umuman, mutaxassislar masala mohiyatiga e'tibor qaratmagan, deyish mumkin. Boisi o‘sha surishtiruvimizda aynan hududlarga suv yetkazib berish bilan bog‘liq tizimli muammolarga ham to‘xtalgan edik.
Isomiddin Po‘latov
Mavzuga oid
15:09 / 18.11.2024
Qashqadaryoda qo‘ylar podasini avtomobil urib yubordi
17:40 / 14.11.2024
Buxoro amirligi davriga tegishli qadimiy tangalarni olib chiqib ketishga uringan shaxs to‘xtatib qolindi
14:36 / 13.11.2024
Imtiyozli narxlarda tarqatilishi lozim bo‘lgan ko‘mirni sotayotgan shaxslar ushlandi
09:05 / 07.11.2024