Jamiyat | 18:27 / 05.06.2020
5440
3 daqiqa o‘qiladi

Baynalmilaldagi ichimlik suv masalasi: Muammoni vazir nazoratga oldi, mahallaga suv keldi

4 iyun kuni Kun.uz saytida Qashqadaryo viloyati Nishon tumanining «Baynalmilal» mahallasida misolida «Nishonda 4 mlrd so‘mga suv inshooti qurilgan hududda aholi suvsizlikdan qiynalyapti. Qanday qilib?» sarlavhali maqola e'lon qilingandi.

5 iyun kuni Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi mazkur holat yuzasidan munosabat bildirdi.

«Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida investitsiya dasturi doirasida qurilish-montaj ishlari 2019 yilning dekabr oyida yakunlanishi rejalashtirilgan «Navro‘z» QFYdagi suv taqsimlash inshootini rekonstruksiya qilish» loyihasi amalga oshirilgan. Ushbu loyihani amalga oshirish natijasida «Navro‘z» QFY aholi punktlari bilan bir qatorda «Baynalmilal» MFYda istiqomat qiluvchi aholi ham ichimlik suv bilan ta'minlanishi ko‘zda tutilgan.

Mazkur loyiha doirasida qurilish-montaj ishlarini Bosh pudratchi sifatida «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ «Maxsus mexanizatsiyalashgan yo‘l stansiyasi» tashkiloti hamda Bosh pudratchi tomonidan jalb etilgan yordamchi pudratchi tashkiloti «Neftgaz kapital montaj qurilish ta'mir» MChJ amalga oshirib kelgan.

2019 yil yakuniga loyiha doirasida 9,72 km tarmoq tortilib, 2 dona zamonaviy, energiya tejamkor nasos uskunalari o‘rnatilgan bo‘lsada, obektlarda loyiha doirasida ko‘zda tutilgan ishlar, Bosh va yordamchi pudrat tashkiloti tomonidan belgilangan muddatda to‘liq yakuniga yetkazilmagan edi. Shu sababdan, Nishon tumani «Baynalmilal» MFY ichimlik suvi bilan ta'minlanmay qolgan.

Loyiha bo‘yicha buyurtmachi va amalga oshirilayotgan qurilish-montaj ishlarini nazorat qilishga mas'ul bo‘lgan «Suv ta'minoti va oqova suv obektlari qurilishi obektlari injiniring kompaniyasi» DUK tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni ko‘rsatib, 2020 yilning yanvar oyidan obektda qurilish-montaj ishlarini yakunlash yuzasidan bir necha marta ogohlantirish xatlari «Maxsus mexanizatsiyalashgan yo‘l stansiyasi» tashkilotiga yuborilgan.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tomonidan ko‘rilgan chora- tadbirlar natijasida, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda obektlarda loyiha doirasida ko‘zda tutilgan qurilish ishlarini to‘liq yakunlanishi tashkil etildi va nazoratga olindi. 

Kun.uz saytida «Nishonda 4 mlrd. so‘mga suv inshooti qurilgan hududda aholi suvsizlikdan qiynalyapti. Qanday qilib?» sarlavhali maqola va videoreportajda yoritilgan muammolarning bartaraf etilishi shaxsan Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri M.Saliyev tomonidan nazoratga olindi. Qisqa muddatda ko‘rilgan choralar natijasida muammolar bartaraf etilib, 5 iyun kunidan boshlab «Baynalminal» MFYga qarashli aholi punktlariga ichimlik suvi yetkazilishi yo‘lga qo‘yildi», deyiladi matbuot xizmati vazirlik munosabatida.

Mazkur munosabatdan so‘ng Kun.uz «Baynalmilal» mahallasida yashovchilar bilan bog‘landi. Fuqarolar haqiqatan ham mahallaga ichimlik suv kelganini aytishdi va bu doimiy bo‘lib qolishiga umid bildirishdi.

Mavzuga oid