Jahon | 10:58 / 16.06.2020
11099
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoylik milliarderni o‘z uyidan o‘g‘irlab ketishmoqchi bo‘ldi

Xitoylik milliarder, Midea Group kompaniyasi asoschisi Xe Syanszyanni o‘z uyidan o‘g‘irlab ketishmoqchi bo‘ldi. Biroq jinoyatchilarning qabih rejasi milliarder o‘g‘lining abjir harakatlari evaziga amalga oshmadi.

Foto: Twitter/ChinaPropertyFocus

The New York Times nashrining xabar berishicha, jinoyatchilar milliarderning Foshan shahridagi villasiga bostirib kirib, u yerdagi barcha odamlarni garovga olgan. Biroq milliarderning o‘g‘li qochib ketishga va politsiya chaqirtirishga muvaffaq bo‘lgan

Milliarderning 55 yoshli o‘g‘li, Midea Group direktorlaridan biri Xe Tszyanfen uydan qochib chiqib, uy oldidan oqib o‘tuvchi daryoni suzib o‘tgan va voqea haqida politsiyaga xabar qilgan. Tez orada politsiya xodimlari tadbirkorni va uning oila a'zolarini ozod qilishgan va 5 kishini hibsga olishgan. 

Gumonlanuvchilarda portlovchi qurilmalar bo‘lgan. Ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, ular jinoyat vaqtida ushbu portlovchi qurilmalarni qo‘llagan. Voqea oqibatida hech kim jabrlanmagan. Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari jinoyatni jangari film syujyetiga qiyoslashgan.

Midea Group kompaniyasi Sina Weibo’dagi sahifasida politsiyaga minnatdorlik so‘zlarini bildirgan. “Politsiyaga, ommaviy axborot vositalari va jamiyatning barcha qatlamlariga qilingan ishingiz uchun rahmat”, deyilgan xabarda.

Xe Syanszyan Xitoyda maishiy texnika ishlab chiqaruvchi eng yirik kompaniya Midea Group asoschisi hisoblanadi. Forbes Rich List ro‘yxatiga ko‘ra, uning boyligi 25 mlrd dollarni tashkil qiladi. U Xitoydagi 6-raqamli, butun dunyo bo‘yicha esa 36-raqamli eng boy inson hisoblanadi.

Xe Syanszyan Midea kompaniyasini 1968 yilda 26 yoshida tashkil etgan. Kompaniya dastlab butilkalar uchun qopqoqlar va avtomobillar ehtiyot qismlari ishlab chiqargan, hozirda esa maishiy texnika va konditsionerlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. 

Xe, shuningdek, dunyodagi eng yirik robototexnika kompaniyalaridan biri - Germaniyaning Kuka kompaniyasiga egalik qiladi.

Mavzuga oid