
Avvalroq hind nashrlari Hindiston-Xitoy chegarasidagi bahsli hudud bo‘lmish Galvan vodiysida ro‘y bergan to‘qnashuv oqibatida 1 zobit va 2 askar halok bo‘lgani haqida xabar tarqatgandi. Keyinroq og‘ir tan jarohati olganlardan yana bir necha nafari vafot etgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Shuningdek, Xitoy tomonidan jami 43 kishi jabrlangani, jumladan bir necha kishi halok bo‘lib, yana bir necha kishi og‘ir jarohatlangani aytildi.
Hodisa haqida xabar tarqatgan hind nashrlarida bu hududda o‘q ovozi eshitilmagani aytilgan, hind askarlari «o‘lguncha kaltaklangani» taxmin qilingandi.
Bu ma'lumot rasman tasdig‘ini topmadi, ammo so‘nggi haftalarda chegara hududida askarlar o‘rtasida mushtlashuv holatlari kuzatilayotgandi.
Nazorat chizig‘i deb ataladigan ushbu chegara hududida ko‘p yillardan buyon o‘q ovozi eshitilmagan va harbiylar o‘limi kuzatilmagandi. Hindiston armiyasi bu safargi to‘qnashuvda ham o‘q uzilmaganini ta'kidlamoqda.
Yomon demarkatsiya
Hindiston nashrlari ikki tomondan ham yo‘qotishlar bo‘lganini yozmoqda, ammo Xitoy armiyasi xitoylik harbiylar o‘limi haqidagi ma'lumotni tasdiqlamayapti, XXR TIV vakili seshanba kungi brifingda hindistonlik harbiy xizmatchilar o‘limi haqidagi xabardor qilinmaganini aytdi.
Qayd etish kerakki, Xitoy va Hindiston o‘rtasidagi amaldagi nazorat chizig‘i yaxshi demarkatsiya qilinmagan, bu hududda daryo, ko‘l va tepaliklar mavjudligi tufayli, uning geografik joylashuvi o‘zgarib turishi mumkin. Bu esa Hindiston va Xitoy armiyalari turli nuqtalarda yuzma-yuz turishiga olib keladi.
Hindiston armiyasi bayonotida qayd etilishicha, ikki davlat mudofaa vazirliklari vakillari keskinlikni yumshatish maqsadida uchrashuv o‘tkazishadi. Xitoy tomoni ham uchrashuv o‘tkazilishini tasdiqlagan, shu bilan birgalikda, Hindistonni davlat chegaralarni buzishda ayblagan.
Xitoy TIV rasmiysi Chjao Litszyan seshanba kungi brifingda hindistonlik harbiylar dushanba kuni ikki marta nazorat chizig‘ini kesib o‘tishgani va «ig‘vogarona harakatlarni amalga oshirib, xitoylik harbiy xizmatchilarga hujum uyushtirgani, bu ikki tomon o‘rtasida jiddiy nizoga sabab bo‘lgani» haqida gapirdi.
















