Jahon | 21:32 / 18.06.2020
22945
3 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus: Saudiya Arabistonida vaziyat og‘irlashmoqda. Kunlik o‘sish bo‘yicha yangi rekord qayd etildi

Haj mavsumi boshlanishiga 40 kun qolayotgan vaqtda, Saudiya Arabistonida epidemiologik vaziyat og‘irlashmoqda: so‘nggi 2 hafta ichida podshohlikda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 93 mingdan 145 mingga ortib ketdi.

Foto: Reuters

Saudiya Arabistonida virus tarqalishining ikkinchi to‘lqini kuzatilmoqda.

Podshohlikda koronavirusga chalingan ilk bemor 2 mart kuni aniqlangan, shundan so‘ng qat'iy cheklovlar kiritilib, qator shaharlarda komendantlik soati joriy etilgan edi.

May oyiga kelib, kunlik yangi holatlar soni ikki barobarga kamaygach (kuniga o‘rtacha 1500 kishiga COVID-19 tashxisi qo‘yilayotgandi), hukumat karantin cheklovlarini yumshatishga qaror qildi: komendantlik soati qisqartirildi, ichki aviaqatnovlar tiklandi, qator tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatiga ruxsat berildi.

Ammo 1 iyundan boshlab, kunlik yangi holatlar soni ikki barobarga ko‘paya boshladi. Birgina kecha, 17 iyun kuni Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vazirligi 4919 kishida virus qayd etilganini ma'lum qildi — bu o‘tgan davr mobaynidagi eng yuqori kunlik o‘sish ko‘rsatkichi bo‘ldi.

Jami holatlar 146 mingga yaqinlashib, qurbonlar soni 1139 nafarni tashkil etmoqda. 94 mingga yaqin kishi kasallikdan sog‘ayib chiqdi.

3 iyundan keyingi davrda kunlik o‘lim ko‘rsatkichlari deyarli o‘zgarmay kelmoqda: har kuni 30-40 nafar atrofida bemor koronavirusdan vafot etyapti.

Shu bilan birga, virusga qarshi kurashdagi samaradorlik pasaymoqda: may oyida kundalik 2000-3000 kishi kasallikdan forig‘ bo‘lgan bo‘lsa, hozirga kelib bu ko‘rsatkich 1600-1700 nafarga tushib qoldi.

Hukumat har bir bemor uchun kuniga 3000 saudiya riali (800 dollar) sarflamoqda. Davolanish muddati 20 kundan 40 kungacha davom etmoqda. 

Shunday sharoitda podshohlik hamon Haj mavsumi bo‘yicha rasmiy qarorini e'lon qilganicha yo‘q. Bu yilgi mavsum 28 iyul – 2 avgust oralig‘iga to‘g‘ri kelishi taxmin qilingan.

Avvalroq kamida 6ta davlat bu yil fuqarolarini Hajga yubormaslikka qaror qilgani ma'lum qilingan edi. Bular – Indoneziya, Malayziya, Singapur, Tailand, Kambodja va Bruney davlatlaridir.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Saudiya Arabistonidan amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan aviareyslarni «qizil reyslar» toifasiga kiritgan.

Mavzuga oid