Jahon | 22:24 / 19.06.2020
15471
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy asirga olingan hindistonlik harbiylarni qo‘yib yubordi

Foto: Reuters

Xitoy Ladakxdagi mojaro vaqtida asirga olingan 10 nafar hind harbiysini ozod qildi. Bu haqda NewsIn Asia portali xabar bergan. 

Ma'lum qilinishicha, hind harbiylari 18 iyundagi muzokaralardan keyin qo‘yib yuborilgan.

Barcha asirlar, jumladan podpolkovnik va uch mayor uylariga qaytgan. Ta'kidlanishicha, mojaro vaqtida hind harbiylaridan hech kim bedarak yo‘qolmagan.

16 iyunga o‘tar kechasi Hindiston-Xitoy chegarasida ikki davlat harbiylari o‘rtasida to‘qnashuv yuz bergan. Uning oqibatida hindistonlik 20 harbiy halok bo‘lgan, 76 nafari yaralangan. Ta'kidlanishicha, 45 yil ichida ushbu hududda birinchi marta harbiylar halok bo‘lgan. 

Hind OAVda mojaro vaqtida xitoylik harbiylar ham yo‘qotishlarga uchragani haqida ma'lumotlar paydo bo‘lgan. Biroq Xitoyning o‘zi bu borada rasmiy ma'lumotlar bermagan.

Mojarodan keyin Hindiston bosh vaziri Narendra Modi zarurat yuzaga kelsa, mamlakat Xitoyga zarba berishga tayyorligini ma'lum qilgan.

18 iyunda Reuters axborot agentligi hind harbiy mashinalarining katta kolonnasi to‘qnashuv yuz bergan Galvan vodiysiga yo‘nalayotgani suratini e'lon qilgan.

O‘z navbatida Pekin qo‘shni davlat harbiylari kelishuvlarni buzib, chegarani kesib o‘tishgani va xitoylik harbiylarga hujum qilishganini ma'lum qilib, mojaroda Hindiston tomonini ayblagan.

Mavzuga oid