Uning sinoati shundaki – bu hududdan uchib yoki suzib o‘tayotgan suv va havo kemalari sirli ravishda halokatga yuz tutadi. Bu halokatlarni turli tabiat hodisalaridan tortib, o‘zga sayyoraliklargacha bog‘lashadi.
Iblis dengizi
Bermud uchburchagida suv va havo kemalarining «sirli ravishda g‘oyib bo‘lishi» haqidagi qarashni ilk bor Associated Press muxbiri Edvard Van Vinkl Jons 1950 yilda ilgari suradi va bu hududni «iblis dengizi» deb ataydi.
«Bermud uchburchagi» iborasini esa yozuvchi Vinsent Gaddis 1964 yilda qo‘llaydi – «Agrosi» jurnalida «Halokatli Bermud uchburchagi» sarlavhali maqola chop etib, unda AQSh aviatsiya flotiga tegishli 19-zveno harbiy samolyotlari shu hududda izsiz yo‘qolgani hikoya qilinadi.
Shu bilan 60-70 yillarda Bermud uchburchagi atrofida turli asosli-asossiz gaplar ko‘payib ketadi.
Vahimalar sababi
Bermud uchburchagi paranormal sinoatga egaligi haqidagi nazariyaga ishonuvchilarning ta'kidlashicha, 20-asrda 100dan ziyod havo va suv kemalari bu hududda izsiz yo‘qolgan.
Sirli ravishda yo‘qolish bilan birga, kemalarning bir zumda bir hududdan boshqa hududda paydo bo‘lib qolishi, vaqtning anomal tarzda o‘zgarishi kabi holatlar aytiladi.
Skeptik-realist olim Lourens Devid Kushe «Bermud uchburchagi: afsona va haqiqat» kitobida bu joyga taalluqli qilib ko‘rsatiladigan ba'zi halokatlar aslida boshqa hududlarda sodir bo‘lganini ta'kidlaydi. Ayrim halokatlarning esa chindan ham sodir bo‘lgani haqida rasmiy manbalarda ishonchli fakt va dalillar mavjud emas.
19-zveno
Bermud uchburchagi bilan bog‘lanadigan shov-shuvli voqealardan biri AQShning bombardimon harbiy samolyotlaridan iborat 19-zvenoning halokati hisoblanadi.
Zveno 1945 yil 5 dekabrda AQShning harbiy kuchlar bazasidan beshta samolyot Fort-Loderdeyl sari yo‘l oladi, ammo qaytib kelmaydi. Samolyotning qoldiqlari ham topilmaydi. Ba'zi manbalarga ko‘ra, ekipaj yaxshi ob-havoda, okean osuda bo‘lgan vaqtda parvozga shaylangan. Parvoz chog‘ida uchuvchilar harbiy baza bilan radiomuloqotda navigatsiya qurilmalarining ishdan chiqqani va g‘ayritabiiy vizual effektlar kuzatilayotganini aytishadi. Samolyotlar bilan aloqa uzilgach, uni topish maqsadida «Martin Mariner» gidrosamolyoti yo‘lga otlanadi, ammo u ham izsiz yo‘qoladi.
















