14:38 / 25.06.2020
6683

«O‘zavtosanoat» utilizatsiya yig‘imida imtiyozga ega emas. Kompaniya o‘z faoliyatiga doir ayrim savollarga javob berdi

Kun.uz saytida 19 iyun kuni e'lon qilingan «Malibu, Tracker va Orlando yarim tayyor mahsulot sifatida olib kirilayotgani sababli millionlab soliqlar davlat g‘aznasiga tushmayapti» – ekspert» sarlavhali maqolaga nisbatan 22 iyun kuni «O‘zavtosanoat» tomonidan munosabat bildirildi.

Munosabat bilan birgalikda tahririyat o‘quvchilari uchun mavhum bo‘lib qolayotgan ayrim masalalar haqida fikr yuritilgandi.

«O‘zavtosanoat» AJ qo‘yilgan ushbu savollarga ham batafsil javob yo‘lladi.

«O‘zavtosanoat» har qanday savollarga javob berishga doim tayyor ekanini ma'lum qilgan holda, qo‘yilgan savollar bo‘yicha batafsil ma'lumotlarni keltirgan.

Jumladan, «O‘zavtosanoat» chetdan olib kirayotgan avtomobillar bojxonada qanday rasmiylashtirilishiga oid masalaga bugungi kunda O‘zbekistonda ishlab chiqarilishi hozircha yo‘lga qo‘yilmagan Chevrolet avtomobillari xorijdan yig‘ilgan holda keltirilishi va shunga muvofiq rasmiylashtirilishi aytiladi.

Bunda, ekspertlar da'volaridan farqli o‘laroq, kompaniya ham QQSni, ham barcha bojxona to‘lovlarini to‘liq to‘laydi. «O‘zavtosanoat» uchun import avtomobillarini rasmiylashtirishda QQS va bojxona rasmiylashtiruvida hech qanday imtiyozlar ko‘zda tutilmagan.

Ma'lum qilinishicha, utilizatsiya yig‘imini to‘lashda kompaniya uchun hech qanday istisnolar nazarda tutilmagan: 1 avgustdan boshlab kompaniya, boshqa ishlab chiqaruvchilar va importchilar qatorida, utilizatsiya yig‘imini to‘lashni boshlaydi. Utilizatsiya yig‘imi bo‘yicha «O‘zavtosanoat» AJ hech qanday imtiyoz va preferensiyaga ega emas.

Shuningdek, kompaniya o‘zi va tizimdagi kompaniyalarning moliyaviy hisobotlarida ochiqlik va oshkoralik siyosati yo‘qligiga oid savolga e'tiroz bildirib, istalgan odam «O‘zavtosanoat» AJ saytida bir emas, bir necha yil uchun batafsil korporativ hisobot, jumladan, amaldagi faktlar, buxgalteriya balansi, auditorlik xulosalari, to‘langan dividendlar to‘g‘risidagi ma'lumot va affillangan shaxslar ro‘yxati bilan hech bir qiyinchiliksiz tanishishi mumkinligini bildirgan.

«Narx shakllanishi formulalari va har bir alohida olingan model marjinalligi borasiga kelsak, tahririyat va har qanday ekspert, ularning malakasidan qat'i nazar, dunyodagi birorta moliyaviy hisobotda bu boradagi tafsilotlarni topa olmaydi. Korporativ hisobotni tijorat sirini oshkor qilish bilan adashtirmaslik kerak. Xuddi shuningdek, Janubiy Koreyani «Malibu 2»ning vatani deya atash ham o‘rinsiz. Har holda, nima qilganda ham, bu avtomobilning vatani, haqli ravishda, AQSh sanaladi va u yerda «Malibu 2 LT» 1.5 ning chog‘ishtirma modeli O‘zbekistondagidan biroz qimmat - 27 595 dollarga 27 286 dollar turadi», deyiladi munosabatda.

Top