– 9 mart kuni O‘zbekistondagi yagona avtomobil ishlab chiqaruvchi UzAuto Motors yengil avtomobillarning yangi narxlarini e'lon qilgandi. Narxlar mashinalarning modifikatsiyasiga qarab 3-21 foiz atrofida oshirilgan edi. 

Shundan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlar norozilik ohangidagi postlarga to‘lib-toshgan, hatto UzAuto Motors mahsulotlarini boykot qilish, sotib olmaslik haqida chaqiriqlar yangragandi.

Tanqidlarga bir qator tashkilotlar ham qo‘shilgan, jumladan, Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi avtomashinalar narxi oshishini keskin qoralagan, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ham yillar davomida berilgan imtiyozlar va preferensiyalarga qaramasdan UzAuto Motors AJ davlat tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanmagani, iste'molchilar huquqlari kamsitib kelayotganini ma'lum qilgandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 mart kuni Xorazm viloyati faollari bilan uchrashuvda avtomobillar narxi oshirilganiga o‘z munosabatini bildirib, mashinalar narxi oshirilishi hozirgi sharoitda to‘g‘ri emasligini aytgan edi.

Shuncha e'tiroz va munosabatlarga qaramasdan oshirilgan narxlar o‘zgarishsiz qoldi, sizningcha, buning sababi nimada bo‘lishi mumkin?

Valijon To‘raqulov:

Valijon To‘raqulov

– Monopoliyaning qiyofasi shunday bo‘ladi. Ya'ni qo‘pol qilib aytganda, “Olsang olding, olmasang, boshqa mashina yo‘q”, deganday gap. Bu yerda xalqimizning mentaliteti ham rol o‘ynasa kerak. Boshqa xalqlarda bunday bo‘lmasligi mumkin. Aynan bizning xalqda chetga chiqib, ishlab bo‘lsa ham mashina olish degan orzu bor.