Jamiyat | 23:51 / 26.06.2020
3730
3 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda 13343 ta kambag‘al oila borligi ma'lum qilindi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmatining ma'lum qilishicha, Sirdaryo viloyatida 13 343 ta kambag‘al oila mavjud bo‘lib, bu jami aholining 5,8 foizini tashkil etadi.

Qayd etilishicha, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Boriy Alixonov boshchiligidagi deputatlardan tarkib topgan ishchi guruh tomonidan 2020 yil 15-19 iyun kunlari Sirdaryo viloyatida aholining turmush darajasi va sifatini yaxshilash, kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta'minlash, tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolarni hal etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati yuzasidan olib borgan o‘rganishlar natijalari parlament quyi palatasi kengashida muhokama qilingan.

Yig‘ilishda Sirdaryo viloyati hokimi va sektorlar rahbarlari onlayn tarzda masofadan ishtirok etishgan.

«Ishchi guruhining o‘rganishlari mobaynida 580 ta holatda 1 milliard 377 million so‘m pensiya ishlari bo‘yicha ortiqcha to‘lov qarzdorligi hisobdan chiqarilgani oydinlashdi. Shuningdek, ularning bandligini ta'minlash, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun ko‘rilayotgan choralar tufayli 4 829 ming nafari (36%) ish bilan ta'minlangan bo‘lib, qolgan 9068 nafarini yil yakuniga qadar oyma-oy ishga joylashtirish belgilangan.

O‘rganishlar chog‘ida mamlakat rahbarining farmon va qarorlari bilan berilayotgan imtiyoz va yengilliklar hamma yerda ham birday joriy etilmayotgani, aholini ijtimoiy himoyalashda ba'zi hududlarda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgani, mazkur yo‘nalishlarda mutasaddilar, xususan, sektorlar ishida ham e'tibor qaratilishi lozim bo‘lgan muayyan ishlar mavjudligi ma'lum bo‘ldi.

Tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan yuzma-yuz muloqotlarda ularning aksariyati Prezident farmon va qarorlariga binoan berilayotgan imtiyoz va yengilliklardan bexabar ekani aniqlandi. Shuningdek, bandlikka ko‘maklashish markazlari tomonidan yetarli targ‘ibot ishlari olib borilmagani sababli ajratilgan subsidiya miqdorlari mavjud imkoniyatga nisbatan ancha pastligicha qolmoqda.

Kengash yig‘ilishida davlat rahbari farmon va qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosini to‘liq ta'minlash orqali mavjud muammolarni bartaraf etish, tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda aholining turmush farovonligini oshirish yuzasidan qator tavsiyalar bildirildi», deyiladi quyi palata axborot xizmatining xabarida.

Yig‘ilish yakunida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kengashining tegishli qarori qabul qilingan.

Mavzuga oid