Sirdaryo hamda Surxondaryoda 44 ming nafardan ortiq o‘qituvchining 73 foizi o‘z fanidan qoniqarsiz baho olgan
XTV Sirdaryo hamda Surxondaryoda o‘tkazilgan diagnostika sinovlarida 44 ming nafardan ortiq o‘qituvchining 73 foizi o‘z fanidan qoniqarsiz baho olganini ma'lum qildi.
«Prezident huzurida xalq ta'limi tizimidagi islohotlarga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilish davomida, maktablarda ayrim pedagoglarning bilimi zamon talabiga javob bermasligi tanqid qilingan edi. Tan olish kerak, afsuski, uzoq yillar davomida pedagoglarning bilim saviyasiga deyarli e'tibor berilmagan. Buning oqibatida, ayrim o‘qituvchilarning bilimi hatto o‘zi dars beradigan fanlardan ham qoniqarsiz holatga kelib qolgan.
2019/2020 o‘quv yilida Sirdaryo hamda Surxondaryo viloyatlarida o‘tkazilgan diagnostika sinovlari natijalari buni yaqqol ko‘rsatdi. Sinovlarda qatnashgan 44 ming nafardan ortiq o‘qituvchining 73 foizi o‘z fanidan qoniqarsiz baholandi. Shuni alohida ta'kidlab o‘tishni istardikki, Sirdaryo va Surxondarayo viloyatlarida o‘tkazilgan sinovlar, og‘riq nuqtalarni aniqlash bilan bir qatorda ijobiy tajribalarni ham belgilashga imkoniyat yaratdi», deyiladi XTV tomonidan e'lon qilingan xabarda.
Ta'kidlanishicha, Sirdaryo hamda Surxondaryo tajribasi asosida maktab o‘qituvchilarining bilimi va ko‘nikmalarini o‘rganish ishlarini davom ettirish topshirig‘idan kelib chiqib, Xalq ta'limi vazirligi hamda Davlat test markazi tomonidan 12 ta hududda diagnostika sinovlarini o‘tkazish reja-jadvali tasdiqlangan. Sinovlar katta sig‘imli binolarda, shaffof, oliy o‘quv yurtiga kirish imtihonlaridan so‘ng o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Vazirlikning bildirishicha, mazkur jarayon attestatsiya emas, balki eng avvalo, pedagoglar uchun o‘zini baholashga imkoniyatdir.
«Sinovlarning asosiy maqsadi – o‘qituvchilarning real salohiyatini aniqlab, ular bilan manzilli ishlarni tashkil etish. Bilimi bo‘lgan o‘qituvchilar uchun yanada kengroq imkoniyatlarni yaratib bergan holda, ularga qo‘shimcha dars soatlarini ajratish orqali daromadlarini oshirish hamda kelgusida ularni malaka oshirishning muqobil shakllariga yo‘naltirish.
O‘z navbatida, bilim saviyasi past bo‘lgan o‘qituvchilar bilan manzilli ishlar belgilanadi. Ular uchun maxsus kurslar tashkil etilib, o‘z bilimlarini yaxshilab olishlari uchun imkoniyatlar yaratiladi. Bunda «onlayn kasbiy rivojlanish» loyihasiga alohida urg‘u beriladi.
Biroq, barcha yaratilgan imkoniyatlardan ham keyin o‘z ustida ishlamagan o‘qituvchilarni boshqa sohalarga yo‘naltirish choralari ko‘riladi. Bunday qat'iy choralarsiz, maktab ta'limi sifatini oshirib bo‘lmas ekanligini barchamiz yaxshi tushunib turibmiz.
Hozirgi karantin davrida, o‘z uyidan chiqmagan holatda «onlayn kasbiy rivojlanish» loyihasi hamda Davlat test markazining e-sinov portalidan keng foydalanishni tavsiya etamiz. Shunday ekan, barcha ustozlardan yaratib berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, o‘z ustida ishlashlarini va izlanishlarini so‘rab qolamiz», deyiladi rasmiy xabarda.
Mavzuga oid
11:53
Afg‘onistonda sodir bo‘lgan zilzila kuchi Surxondaryoda sezildi
08:15
Uch hududda elektrdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi
13:36 / 06.11.2024
Surxondaryoda Cobalt'ning gaz quvuriga urilishi oqibatida avariya holati sodir bo‘ldi
20:01 / 01.11.2024