Jamiyat | 18:28
3084
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda Aleksandr Fedin yaratgan o‘rmonzor "Dendrologiya bog‘i"ga aylantiriladi

Fedinning o‘zi esa O‘rmon agentligiga ishga olinadi va dendrologiya bog‘i hududida u uchun uy-joy barpo qilinadi.

Foto: Ekologiya qo‘mitasi

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida ekologiya fidoyisi Aleksandr Fedin bilan uchrashib, «Oqtepa» suv ombori hududida yaratilgan bog‘ni ko‘zdan kechirdi.

Abduhakimov muloqot davomida Fedin davlat himoyasida ekanligi hamda Ekologiya qo‘mitasi tizimidagi O‘rmon agentligiga ishga olinishini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uzoq yillar davomida noyob daraxtzorga aylantirilgan, yovvoyi hayvonlar, qushlar va boshqa bioxilma-xillik obektlari mavjud bo‘lgan ushbu yer maydonida "Dendrologiya bog‘i" tashkil etiladi.

Shuningdek, Fedin uchun dendrologiya bog‘i hududida zarur qulayliklarga ega kichik uy-joy ham barpo qilinadi.

Bog‘ xodimlariga esa kerakli shart-sharoitlar yaratiladi, xususan, ular kvadrosikllar bilan ta’minlanadi.

Avvalroq shoir va jurnalist Fozil Farhod ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumani «Oqtepa» suv ombori yaqinidagi o‘rmonni barpo qilgan Aleksandr Fedinni ko‘rishga borgani, ammo o‘rmon undan olib qo‘yilgani, o‘zi viloyat ruhiy kasalliklar shifoxonasida qolayotgani haqida xabar berib, jamoatchilikni bu holatga e’tibor qaratishga chaqirgandi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid