Lukashenko Moskvaga ketgan vaqtida Minskda suv bilan muammo chiqqaniga izoh berdi
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko G‘alaba paradida ishtirok etish uchun Moskvaga ketgan vaqtida Minskda ichimlik suvi bilan muammo yuzaga kelgan. Lukashenkoning ta'kidlashicha, u vaziyat o‘nglanmaguncha, uni o‘z nazoratida ushlab turgan.
Lukashenko 24 iyunda Moskvada bo‘lganda Belarus poytaxtining uchta tumanida ichimlik suvi yomonlashishi bilan bog‘liq muammo chiqqan. Taxmin qilinishicha, quvurlar ta'mirlanishi vaqtida ulardagi suv o‘z vaqtida tortib olinmay qolib ketgan va keyinroq xonadonlarga aynigan suv berilgan.
Belarus prezidentining ta'kidlashicha, u bu muammo o‘nglanmaguncha uni o‘z nazorati ostida ushlab turgan. Uning ta'kidlashicha, u amaldorlarga aynigan suvni o‘zlari ichishlari bilan tahdid qilgan. Lukashenko bu haqda “Belarus 1” telekanali efirida aytib o‘tgan.
“Men buni nimaga aytmoqdaman? Diktatura – bu yomon. Biroq bir kechada og‘ir muammo hal qilingudek bo‘lsa, unda diktatura – yaxshi. Diktaturaning bunga nima daxli bor, mas'uliyat bo‘lishi lozim!”, deb aytgan Lukashenko.
Uning ta'kidlashicha, Minskda suv bilan muammo Moskvaga ketishi bilanoq yuzaga kelgan.
“Uchib kelishim bilan Minskda suv bilan muammo chiqqanini eshitib turibman. Rosti, yosh bolalar kabi bir daqiqaga o‘zini tashlab ketib bo‘lmaydi, degan xayolga keldim. Endi mamlakatni yoqib yubormasliklari uchun ketayotganda gugurtni yashirishga to‘g‘ri kelyapti. Belarusdan tashqariga chiqayotganimda, haqiqatan shunday ehtiyotkorlik qilishimga to‘g‘ri kelmoqda”, deb ta'kidlab o‘tgan Belarus rahbari.
Shuningdek, Lukashenko Moskvadan qaytgach, mamlakatda konstitutsiyani qayta ko‘rib chiqishga tayyorlanayotganini ma'lum qilgan. Uning ta'kidlashicha, gap turli darajadagi hokimiyat vakolatlarini yangicha taqsimlash va huquqlarning bir qismining mahalliy rahbarlarga berilishi haqida bormoqda.
Mavzuga oid
20:49 / 11.11.2024
Belarus rasman BRIKS bo‘yicha sherik davlat maqomini oldi
22:17 / 07.11.2024
Lukashenko yana 31 nafar siyosiy mahbusni afv etdi
14:30 / 05.11.2024
Lukashenko: RF Belarus orqali Polsha, Litva, Latviya va Ukrainaga hujum qilmoqchi emas
13:10 / 24.10.2024